Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan koʻp qavatli uylarni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar hisob-kitobini yurituvchi “Mening uyim” billing tizimi ishga tushirildi.
Bugungi kunga qadar “Mening uyim” yagona elektron bazasiga shirkat va boshqaruv tashkilotlar boshqaruvidagi koʻp kvartirali uylardagi 1 218 689 ta xonadon toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritildi.
Shundan 731 849 tasi viloyatlar va 486 840 tasi Toshkent shahriga toʻgʻri keladi. Vazirlikning rasmiy-veb saytida “shaffof kommunal” oynasi yaratildi hamda elektron reyestr va elektron reyting platformasi havolasida ishga tushirildi. Axborot tizimidan foydalanish yoʻriqnomalari boʻyicha video roliklar tayyorlanib, vazirlik rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida targʻib qilib kelinmoqda.
“Mening uyim” axborot tizimida koʻp kvartirali uy-joylar xonadonlarining maʼlumotlar bazasini avtomatik shakllantirish maqsadida koʻchmas mulk obyektlarining kadastr raqamlariga bogʻlangan hamda yagona manzillar reyestri bilan, shuningdek, uy-joylar mulkdorlarining qarzdorligini notarial idoralar tomonidan tekshirish uchun Adliya vazirligining maʼlumotlar bazalariga integratsiya qilingan.
“Mening uyim” axborot tizimi Markaziy bankning kliring “MUNIS” tizimiga integratsiya qilinib, majburiy badallarni tijorat banklari kassalari hamda elektron tizimlar orqali qabul qilish imkoniyati yaratildi. Bu tizim orqali joriy yil boshidan 31-oktyabrga qadar Markaziy bankning kliring “MUNIS” tizimi va elektron tizimlar orqali 173 mlrd soʻm pul mablagʻi kelib tushgan.









