Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasining maʼlum qilishicha, bu tizim “Tashabbusli byudjet” jarayonlaridan farqli oʻlaroq bir yilda bir marotaba oʻtkaziladi.
Ushbu jarayonlar bevosita “Ochiq byudjet” axborot portali orqali amalga oshiriladi. Bunda, axborot portaliga ichki yoʻllarning joylashgan manzili (geopozitsiyasi), toʻliq nomlari, uzunligi, holati (asfaltlangan, taʼmirtalab) va boshqa maʼlumotlari toʻliq kiritiladi hamda fuqarolar ichki yoʻllar reyestridan geomaʼlumotlar asosida tegishli ichki yoʻlni tanlash orqali oʻz takliflarini qoldirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Taklif qoldirish mexanizmi:
Tuman (shahar) byudjeti parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratilgan mablagʻlarning kamida 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun yoʻnaltiriladi.
Axborot portali avtomatik ravishda taʼmirlashga doir oʻrtacha narxni va tuman (shahar) byudjeti parametrlaridan kelib chiqib, har bir tuman (shahar) boʻyicha taʼmirlanadigan ichki yoʻllarning umumiy hajmini aniqlaydi.
Axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida ichki yoʻllarni taʼmirlashda takliflarni shakllantirish tartibi quyidagicha:
- Axborot portali orqali jamoatchilik fikri bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar asosida shakllantiriladi;
- Axborot portali orqali takliflarni yuborish hamda ovoz berish jarayonida faqatgina voyaga yetgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
- Fuqarolar har yili ichki yoʻllarni taʼmirlashga faqat bitta taklifni ilgari surishi hamda bitta taklifga ovoz berishi mumkin. Fuqarolar oʻzlari tomonidan kiritilgan taklifga ovoz berishi taqiqlanadi.
- Ichki yoʻllarni taʼmirlashga doir takliflar kiritish fuqarolar tomonidan axborot portalida taqdim etilgan Ichki yoʻllar reyestridagi tegishli ichki yoʻllardan birini tanlash orqali amalga oshiriladi.
- Axborot portali orqali taklif kiritish bevosita portalda roʻyxatdan oʻtish orqali amalga oshiriladi.
- Har bir tuman va shaharlarda bildirilgan takliflar boʻyicha berilgan eng koʻp ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi.
Loyiha doirasida taklif kiritish jarayoni joriy yilning 27-aprel sanasiga qadar davom etadi. Kiritilgan takliflar uchun ovoz berish jarayonlari 28-apreldan 7-may kuniga qadar oʻtkaziladi.