Shu kunlarda mamlakatimiz ahli qutlugʻ sanaga taraddud koʻrmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan joylarda turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar, bayram tantanalari, marafon hamda sport musobaqalari boʻlib oʻtmoqda.
Jumladan, Namanganda ham 4-5-dekabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashabbusi bilan yoshlar oʻrtasida pnevmatik quroldan oʻq otish boʻyicha viloyat birinchiligi oʻtkazildi. Musobaqada 154 nafar sportchi yoshlar ishtirok etdi. 7 yosh va undan katta boʻlgan sportchilarning 91 nafarini oʻgʻil bolalar, 63 nafarini qizlar tashkil etdi.
Musobaqa yakuniy natijalariga koʻra, 1-oʻrinni viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi jamoasi, 2-oʻrinni Namangan shahri jamoasi va 3-oʻrinni Uychi tumani jamoasi egalladi.
Tantanali taqdirlash marosimida Namangan shahar hokimi O. Isayev, “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati A. Alaxodjayevlar ishtirok etib, gʻoliblarga “Faxriy yorliq” va esdalik sovgʻalarini topshirdilar.
Sanjarbek HAMIDOV