MIBchilarni laqillatmoqchi boʻlgan “uddaburon”ning siri fosh boʻldi

    “CHERY TIGGO 7 PRO”ga taqilgan raqam “Jiguli” rusumli avtomashinaga tegishli boʻlib chiqdi.

    Fuqarolik ishlari boʻyicha Qoʻqon tumanlararo sudi qarzdor L.K..dan “Asakabank” Fargʻona viloyat boshqarmasi foydasiga 342 mln. 259 ming soʻm undirishni belgilagandi.

    Shunga asosan Majburiy ijro byurosi Qoʻqon shahar boʻlimi xodimlari harakatga tushdi. Avvaliga qarzdorga sud belgilagan summani ixtiyoriy ravishda qoplash uchun muddat berildi.

    Natija boʻlmagach, unga tegishli mol-mulklar tekshirildi va aniqlandiki L.K.ning ikki qoʻli tosh orasida emas - “CHERY TIGGO 7 PRO” rusumli 40 F *** FB davlat belgili avtomashinasi bor ekan.

    Biroq davlat ijrochilari qancha urinishmasin, avtomashina topilsa, qani?! Noiloj, avtomashinaga qidiruv berildi.

    Oradan vaqt oʻtdi oʻtdi. Nihoyat, Byuroning Fargʻona viloyat boshqarmasi va shahar boʻlimi xodimlari tezkor tadbir oʻtkazib, “CHERY TIGGO 7 PRO”ni topdi. Mashina osmonga uchmabdi, yer yutmabdi: uni L.K.ning oʻzi bemalol boshqariib yurgan ekan.

    Qanday qilib? Oson: bor-yoʻgʻi “CHERY TIGGO 7 PRO”ga boshqa davlat belgi - 40 M***LB raqamini qadab olgan ekan, xolos.

    Tekshiruvda 40 M***LB davlat raqami “Jiguli” rusumli avtomashinaga tegishli boʻlib chiqdi. Qoyilmisiz?

    Endi nima boʻladi? Qonun nimani talab qilsa, shu boʻladi-da. Birinchi navbatda “CHERY TIGGO 7 PRO” qarzni qoplashga yoʻnaltiriladi.