MIBning Andijon va Fargʻona viloyatlari boshqarmalariga yangi rahbarlar tayinlandi

    Tayinlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori buyrugʻi bilan amalga oshirildi.

    Otabek Bahodirovich Salmonov Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Fargʻona viloyat boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.

    O.Salmonov 1982-yil Fargʻona viloyatida tugʻilgan. U ish faoliyatini 2009-yilda Sud ijrochilari Fargʻona viloyati Margʻilon shahar boʻlimi sud ijrochisi vazifasidan boshlagan. 2014-yilda Sud departamenti Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan.

    Soʻngra, 2017-yilda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Fargʻona viloyat boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari lavozimida oʻz ishini davom ettirgan.

    Mazkur tayinlovga qadar, O.Salmonov Byuroning Andijon viloyat boshqarmasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

    Xuddi shuningdek, Bosh prokuror buyrugʻi bilan Ayubxon Alimovich Alimov Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Andijon viloyat boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.

    A.Alimov 1981-yil Fargʻona viloyatida tugʻilgan. U ish faoliyatini 2007-yilda Sud ijrochilari Fargʻona viloyati Bagʻdod tuman boʻlimi sud ijrochisi vazifasidan boshlagan.

    Byuro organlarida ish faoliyatini 2018-yildan boshlab, bir qator masʼul lavozimlarida ishlab kelgan.

    2021-yilda Dangʻara tuman, keyinchalik Qoʻqon shahar boʻlimlari boshligʻi sifatida xizmat qilgan.

    Tayinlovga qadar, A.Alimov Byuroning Fargʻona viloyat boshqarmasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.