Tijoriy ahamiyatga ega ilovalar yordamida endi trillionlab operatsiyalarni bajarish imkoniyati paydo boʻladi.

Kompaniya yangi Topologik Yadro arxitekturasi bilan taʼminlangan tarixdagi ilk kvant chipi Majorana 1ni taqdim etdi. U kvant kompyuterlarining ajralmas ustuni boʻlgan kubitlarni ishlab chiqarish uchun Majorana zarralarini boshqarishga qodir boʻlgan dunyodagi birinchi topooʻtkazgichdan foydalanadi, deya xabar beradi Microsoft oʻz rasmiy press-relizida.

Majorana 1 protsessorini ishlab chiqishda foydalanilgan chip aslida inson kaftiga sigʻadi va million kubitni oʻz ichiga oladi.

Ushbu yutuq indiy arsenidi va alyuminiydan tayyorlangan mutlaqo yangi materiallar toʻplamini ishlab chiqishni talab qildi, ularning aksariyatini Microsoft atomma-atom ishlab chiqdi. Kompaniyaning injener-texnologi Chetan Nayakning soʻzlariga koʻra, bundan koʻzlangan maqsad Majorana deb ataladigan yangi kvant zarralarini yaratish va kvant hisoblashning keyingi ufqiga chiqish uchun ularning noyob xususiyatlaridan foydalanish edi.

Mazkur ixtiro kvant mexanikasi yordamida tabiatning oʻzini qanday tutishini matematik jihatdan ajoyib aniqlik bilan hisoblash imkonini beradi. Kimyoviy reaksiyalardan tortib to molekulyar oʻzaro taʼsirlar va ferment energiyalarigacha endi million kubitli mashinalar kimyo, materialshunoslik va boshqa sohalardagi baʼzi turdagi muammolarni hal qila olishi mumkin.

Masalan, ular nima uchun materiallar korroziyaga uchrashi yoki yoriqlarga duchor boʻlgani haqidagi murakkab kimyoviy jumboqlarni hal qilish imkoniyatini tugʻdiradi. Bu koʻpriklar yoki samolyot qismlaridagi yoriqlarni, singan telefon ekranlarini yoki tirnalgan avtomobil eshiklarini tiklaydigan oʻz-oʻzidan tiklanadigan materiallarni yaratilishiga olib kelishi mumkin.

Eng muhimi, Kvant hisoblashning kuchi, sunʼiy intellekt vositalari bilan birgalikda, kimga qanday turdagi yangi material yoki molekulani yaratmoqchi ekanligini oddiy tilda tasvirlab berishga va darhol ishlaydigan javobni olishga imkon beradi – hech qanday taxminlar yoki yillar davomida oʻtkaziladigan tajriba sinovlari va xatoliklarsiz.

Microsoft eʼlon qilgan yangilik AQSH Mudofaa ilgʻor tadqiqot loyihalari agentligining (DARPA) qiziqishini uygʻotdi va kompaniyaga yanada ustuvor investitsiyaviy dasturlar kirib kelishiga turtki boʻldi.