Bu haqda “Sputnik” xabar berdi. Maʼlum qilinishicha, Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan mamlakatdagi jinoyat holati boʻyicha statistik maʼlumotlar eʼlon qilingan.

“Rossiya hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan 10,4 mingta jinoyat sodir etilgan, bu 2021-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 8,1 foizga koʻpdir”, deyiladi materialda. Manbaga koʻra, MDH davlatlaridan kelgan fuqarolar ham qonunni koʻproq buzishni boshlagan.

Xususan, Markaziy Osiyodan borgan migrantlar tomonidan 8,4 ming jinoyat sodir etilgan, bu 2021-yilga nisbatan 12,6 foizga koʻpdir. Bundan tashqari, boshqa maʼlumotlar ham ochiqlangan. Jumladan, 2022-yilda xorij fuqarolariga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar soni qariyb 6 foizga — qariyb 4 mingtaga oshgan.

Avvalroq Vladimir Putin noqonuniy migrantlarga nisbatan qattiq chora koʻrishga chaqirgandi. Shuningdek, Rossiyada ishlayotgan migrantlar uchun yangi xizmat ishga tushgandi.