Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida “Toʻrtinchi sanoat inqilobi markazi”ni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Bu shunchaki yangi muassasa emas, balki mamlakatimiz taraqqiyotining yangi mantigʻi.
Bir savol tugʻiladi: toʻrtinchi sanoat
inqilobiga oddiy, eski tarbiya usullari bilan kirib borish mumkinmi? Menimcha,
yoʻq. Chunki bu jarayon xomashyodan innovatsiyaga, bilimdan kompetensiyaga
oʻtishni, oddiy ijrochidan tashabbuskor shaxsga aylanishni talab qiladi.
Shuningdek, “taʼlim-tarbiya — ilm-fan — ishlab chiqarish”ni yagona zanjirga
ulashni taqozo etadi.
Eng
muhim jihat shuki, toʻrtinchi sanoat inqilobi zavoddan emas, inson tafakkuridan
boshlanadi. Agar tafakkur yangilanmasa, texnologiya ham kutilgan samara
bermaydi. Toʻrtinchi sanoat inqilobi, avvalo, millat dunyoqarashidagi
oʻzgarishdan boshlanadi. U yoshlardan bilimnigina emas, balki tadbirkorlik
kompetensiyasi, tashabbus, mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini talab
qiladi. Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimiz qarori bilan tashkil etilgan Qori
Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida biznes pedagogika kabi
yangi fan yoʻnalishiga asos solingani bejiz emas.
Keling,
ochiq tan olaylik: bugun dunyodagi ilgʻor davlatlar tasodifan bu marrani zabt
etgan emas. Ular tarbiyani, taʼlimni, innovatsiyani va inson salohiyatini bir
tizimga aylantirgani uchun bunga erishgan.
Innovatsiya
faqat texnologiya emas, balki tarbiyani tizim sifatida qayta qurishdir. Yaʼni
yoshlar tarbiyasini faqat yangi gadjetlar, yangi platformalar yoki yangi
tadbirlar bilan isloh qila olmaymiz. Agar tizim boʻlmasa, eng yaxshi
texnologiya ham faqat shaklni oʻzgartiradi, mazmun esa oʻsha-oʻshaligicha qolib
ketaveradi. Shu nuqtayi nazardan, “tarbiyaning innovatsion metodologiyasi”
deganda biz toʻrt asosni nazarda tutamiz: birinchisi — qadriyat, ikkinchisi —
kompetensiya, uchinchisi — muhit, toʻrtinchisi — oʻlchov.
Nega
aynan shu toʻrtlik?
Chunki
qadriyat insonga yoʻnalish beradi, inson nimani toʻgʻri, nimani notoʻgʻri deb
biladi? Qonunga, adolatga, mehnatga, insonga qanday qaraydi? Mana shuning
markazida qadriyat turadi. Ammo faqat qadriyatning oʻzi yetarlimi? Yoʻq.
Qadriyat
yoʻnalish boʻlsa, kompetensiya — harakat vositasi. Tanqidiy fikrlash, muammoni
hal etish, dalil bilan ishlash, muloqot, jamoada ishlash, qaror qabul qilish —
bular qadriyatni hayotga olib chiqadigan vositalardir.
Uchinchi
tayanch — muhit.
Bolani
faqat sinfxona tarbiyalamaydi, uni oila, tengdoshlar, mahalla, media, internet,
raqamli maydon tarbiyalaydi. Demak, tarbiya haqida gapirganda, biz bitta
auditoriyani emas, butun taʼsir muhitini koʻrishga majburmiz.
Toʻrtinchi
tayanch — oʻlchov.
Ilmda
bir oddiy qoida bor: oʻlchanmagan narsa boshqarilmaydi.
Bu
yerda gap inson qadrini ballga aylantirish haqida emas, tarbiya dasturining
samarasini koʻrish haqida. Kompetensiyada, xulqda, masʼuliyatda qanday
oʻzgarish boʻlganini aniq mezonlar bilan baholash haqida.
Shuning
uchun toʻrt savolga javob izlaymiz.
Birinchidan,
nega globallashuv sharoitida tarbiyaga anʼanaviy yondashuvlar yetarli boʻlmay
qoldi?
Ikkinchidan,
innovatsion metodologiyaning asosiy prinsiplari qanday boʻlishi kerak?
Uchinchidan,
keys, loyiha, mentorlik, servis-oʻqish kabi amaliy instrumentlar amalda qanday
ishlaydi?
Toʻrtinchidan,
natijani qanday indikatorlar orqali koʻrish va baholash mumkin?
Maqsadimiz
tarbiya haqida umumiy gapirish emas, aksincha, tarbiyani ilmiy asoslangan,
natijaga yoʻnaltirilgan, oʻlchanadigan va masshtablanadigan tizim sifatida
koʻrsatish. Tabiiy savol tugʻiladi: nega innovatsion metodologiya haqida aynan
hozir gapirishimiz kerak? Axir tarbiya azaldan bor-ku! Toʻgʻri, bu hamisha
boʻlgan. Lekin bugunning tarbiyaga qoʻyayotgan talabi mutlaqo boshqacha. Agar
kechagi usullar bilan bugungi murakkab dunyoga javob bermoqchi boʻlsak, bir
xavf paydo boʻladi: koʻp harakat qilamiz, kam natija olamiz.
Tasavvur
qiling, yoshlar yangi axborot dunyosida yashayapti, iqtisodiyot yangi
kompetensiyalar talab qilyapti, jamiyatda yangi xavflar paydo boʻlyapti. Ammo
tarbiya esa hali ham eski koʻrinishda qolyapti. Bu yerda nomutanosiblik kelib
chiqadi. Shuning uchun innovatsion metodologiya shunchaki “yangilikka qiziqish”
emas, zamon talabi.
Birinchi
omil — raqamli muhit. Bu dolzarblikni uchta katta omil orqali tushuntirish
mumkin. Raqamli kommunikatsiya muhitining dominantlashuvi. Ilgari yoshlarning
axborot manbalari asosan oila, maktab va yaqin atrof bilan cheklangan edi.
Bugun-chi? Bugun ularning diqqati, hissiyoti, fikri, hatto baʼzan pozitsiyasi
ham algoritmlar boshqarayotgan axborot maydonida shakllanmoqda.
Bu
yerda eng katta muammo nimada?
Fakt
bilan fikr, haqiqat bilan manipulyatsiya, axborot bilan taʼsir oʻrtasidagi
chegara xiralashib ketdi. Demak, tarbiyaning eng muhim vazifalaridan biri —
yoshlarda mediasavodxonlik, tanqidiy tahlil, axborot gigiyenasi, dalilga
tayangan qarorlar qabul qilish madaniyatini shakllantirishdir. Bu vazifani
oddiy nasihat bilan hal qilib boʻlmaydi. Buning uchun maxsus metodologiya
kerak.
Ikkinchi
omil — iqtisodiy va kasbiy dunyoning kompetensiyaga asoslanishi. Bugun dunyoda
insondan faqat maʼlumot emas, amaliy qobiliyat talab qilinmoqda. Muammoni hal
qilish, jamoada ishlay olish, tashabbus koʻrsatish, reja tuzish, natijani
baholash — mana shu sifatlar hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlmoqda. Agar maktab
va tarbiya tizimi bu kompetensiyalarni shakllantirmasa, nima boʻladi? Javob
aniq. Yoshlar koʻp narsani biladi, lekin hayotda qoʻllay olmaydi. Nega? Bu —
zamonaviy dunyoning eng ogʻriqli paradokslaridan biri. Shuning uchun
innovatsion metodologiya tarbiyani gapirishdan bajarishga, tushuntirishdan
mashq qildirishga, eshitishdan ishtirok etishga olib oʻtishi shart.
Uchinchi
omil — ijtimoiy barqarorlik va maʼnaviy immunitet masalasi. Bugungi global
muhitda mafkuraviy taʼsirlar, agressiya, radikal chaqiriqlar kabi xavflar
kuchayib bormoqda. Shunday sharoitda yoshlarning ichki barqarorligi, qonunga
hurmati, adolat hissi, insonparvarligi va ijtimoiy masʼuliyati faqat shaxsiy
fazilat emas, balki jamiyat xavfsizligining bir qismiga aylanadi. Demak,
tarbiya endi faqat shaxsiy kamolot masalasi emas. U — davlatning barqaror
rivojlanish strategiyasining bir qismi. Shu uch omildan kelib chiqib, bir
xulosaga kelamiz: innovatsion metodologiya tarbiyani yangi sharoitga moslashtiradi.
U axborot muhitida adashmaslikka oʻrgatadi, yoshlarning kompetensiyaga
asoslangan hayotga tayyor va eng muhimi, qadriyati barqaror fuqaro boʻlib
shakllanishida yordam beradi. Endi asosiy tushunchaga oʻtaylik: “innovatsion
metodologiya” deganda nimani nazarda tutyapmiz? Koʻpchilik metodologiya deganda
metodlar roʻyxatini tushunadi. Aslida esa metodologiya — mantiq, prinsip va
boshqaruv sikli. Yaʼni ishni qanday qurish, qanday boshqarish va qanday
takomillashtirish kerakligi haqidagi tizimli yondashuvdir. Shu asosda quyidagi
taʼrifni taklif qilamiz.
Innovatsion
metodologiya — tarbiyani natijaga yoʻnaltiriladigan, oʻlchanadigan va oʻzini
oʻzi takomillashtirib boradigan tizimga aylantiruvchi boshqaruv shakli. Bu
taʼrifning markazida bitta qatʼiy qoida bor: ogʻzaki taʼsirning oʻzi yetarli
emas, natija koʻrinishi, oʻlchanishi, qaysi mexanizm bilan shakllanishi aniq
boʻlishi kerak.
Bu
metodologiya amalda besh bosqichli sikl
sifatida ishlaydi.
Birinchi
bosqich — maqsadni aniqlash. Qanday yoshlarni tarbiyalamoqchimiz? “Yaxshi yosh
(avlod)” degan umumiy gap bilan ish bitmaydi. Aniq profilni belgilashimiz
kerak: qadriyatga sodiq, masʼuliyatli, mustaqil fikrlaydigan, qonunni hurmat
qiladigan, raqamli muhitda ongli harakat qiladigan yosh.
Ikkinchi
bosqich — diagnostika. Real holat qanday? Qaysi jihat kuchli, qaysi jihat zaif?
Axborot gigiyenasi qanday? Jamoada ishlash qay darajada? Qaror qabul qilish
madaniyati qay holatda? Diagnostikasiz tarbiya — koʻzni yumgan holda harakat
qilish bilan barobar.
Uchinchi
bosqich — metod va muhitni loyihalashtirish. Mana shu yerda amaliyot
boshlanadi. Keys, loyiha, mentorlik, servis-oʻqish, debat, simulyatsiya kabi
metodlar tanlanadi. Ammo faqat metod yetarli emas, u ishlaydigan muhit, qoida,
ragʻbat va masʼuliyat tizimi ham yaratilishi kerak.
Toʻrtinchi
bosqich — ijro va kuzatuv. Bunda tadbir oʻtkazishning oʻzi maqsad emas, jarayon
kuzatiladi, fidbek yigʻiladi, ishtirok, intizom, vazifa bajarilishi, xulq
dinamikasi tahlil qilinadi.
Beshinchi
bosqich — oʻlchash, tahlil va korreksiya. Qaysi mexanizm ishladi? Qaysi joyda
zaiflik bor? Nimani yaxshilash kerak? Ana shu tahlil keyingi siklni
kuchaytiradi.
Eng
muhim gʻoya shu: tarbiya jarayoniga maqsad → diagnostika → loyiha → ijro →
tahlil siklini joriy etish kerak. Shunda tarbiya tasodifiy tadbirlar yigʻindisi
emas, boshqariladigan tizimga aylanadi.
Koʻpincha
“innovatsiya” deganda texnologiya, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish yoki
gadjetlar koʻz oldimizga keladi. Lekin tarbiya sohasida innovatsiya bundan
kengroq tushuncha. Innovatsiyani toʻrt darajada koʻrish mumkin: maqsad, mazmun,
metodik va boshqaruv innovatsiyasi. Agar monitoring, fidbek, korreksiya,
masʼullar va resurslar aniq boʻlmasa, eng yaxshi gʻoya ham faqat yaxshi niyat
boʻlib qoladi.
Maqsad
aniq, mazmun kompetensiyaga ulangan, usul faol, boshqaruv esa oʻlchashga
tayangan boʻlsagina, haqiqiy innovatsion tarbiya tizimi vujudga keladi. Bu
indikatorlar koʻp emas, beshta, lekin yetarli. Ular har chorakda bir marta
tahlil qilinadi. Natijaga qarab korreksiya kiritiladi.
Endi
asosiy xulosalarni bir nuqtaga yigʻsak.
Birinchi
xulosa — tarbiyada texnologiyadan koʻra tizim muhim, yaʼni tarbiya tadbirlar
yigʻindisi emas, maqsad, mazmun, usul va boshqaruvning oʻzaro bogʻlangan
mexanizmi.
Ikkinchi
xulosa — tarbiyani barqaror qiladigan kuch — oʻlchash → tahlil → korreksiya
sikli. Agar shu madaniyat yoʻlga qoʻyilsa, tarbiya hissiy taassurot emas,
dalilga tayangan boshqaruv sohasiga aylanadi.
Uchinchi
xulosa — innovatsion metodologiyani harakatlantiruvchi faoliyat. Yoshlar
eshitib emas, tajriba orttirib, qaror qabul qilib, natija yaratib kamolga
yetadi. Endi tabiiy savol tugʻiladi: bu metodologiyaning davlatga, jamiyatga,
yoshlarga va oilaga amaliy foydasi nimada? Davlat va jamiyat uchun birinchi
foyda — ijtimoiy barqarorlik va ishonch mustahkamlanadi. Qadriyat, qaror
madaniyati va jamoaviy masʼuliyat kuchaysa, agressiya, feyk axborot taʼsiri
pasayadi.
Qonunga
hurmat va fuqarolik ongi oshadi. Yoshlar qarorni “meʼyor — qadriyat — oqibat”
zanjirida qabul qilishni oʻrganadi. Inson kapitali sifat jihatdan oʻsadi.
Tanqidiy fikr, jamoada ishlash, masʼuliyat, tashabbus kabi kompetensiyalar
mehnat bozori uchun ham beqiyos ahamiyatga ega. Islohotlarning ijtimoiy
tayanchi kengayadi. Natijaga yoʻnalgan, ongli, proaktiv yoshlar islohotlarni
faqat kuzatmaydi, balki unda ishtirok etadi. Deviant xulq va ijtimoiy risklar
kamayadi, erta tashxis, mediasavodxonlik, mentorlik va servis-faoliyat bunga
xizmat qiladi. Volontyorlik va jamoatchilik tashabbuslari oʻsadi, yoshlar
muammoni koʻruvchi emas, yechim taklif qiluvchi kuchga aylanadi. Boshqaruvda
dalilga tayangan qarorlar koʻpayadi. Tarbiya sohasi hisobotchilikdan natijador
boshqaruvga oʻtadi. Bu metodologiya yoshlarda qaror qabul qilish madaniyatini
shakllantiradi, ruhlantiradi. Kommunikatsiya va jamoada ishlashni
rivojlantiradi. Amaliyotga yaqin kompetensiyalar beradi. Raqamli immunitetni
kuchaytiradi. Oʻzini oʻzi boshqarish va intizomni mustahkamlaydi. Eng muhimi —
“men qila olaman” degan ishonchni shakllantiradi.
Oilada
munosabat madaniyati yaxshilanadi. Ota-ona uchun ham tarbiyaning aniq va
zamonaviy modeli paydo boʻladi. Raqamli xavflardan xavotir kamayadi.
Farzandning mustaqilligi, ishonchliligi va masʼuliyati ortadi. Oila va jamoa
oʻrtasida ijtimoiy bogʻliqlik kuchayadi. Uzoq muddatda esa bu iqtisodiy barqarorlikka
ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Qori
Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti olimlari izlanishlari
asosida “Milliy tarbiya modeli” loyihasi ishlab chiqildi. Bu modelda vatanga
sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibat,
masʼuliyat, bagʻrikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash,
mehnatsevarlik kabi fazilatlar rivojlantiriladi.
Shuningdek,
XXI asr kompetensiyalari — tanqidiy, kreativ fikrlash, muammoni hal qilish,
kommunikatsiya, jamoaviy ish, raqamli savodxonlik, oʻzini oʻzi boshqarish,
emotsional intellekt, liderlik va tashabbuskorlik — ushbu model markaziga
qoʻyilgan.
Milliy
tarbiya modeli asosida bogʻcha — maktab — kasb-hunar — OTM zanjirida yagona
dinamik tarbiya standartlari yaratiladi. Tarbiyalanganlik darajasini baholash
mexanizmi shakllanadi. Oila — maktab — mahalla yagona tarbiya maydoniga
aylanadi. Jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhit kuchayadi.
Qator
mamlakatlar bilan ilmiy-pedagogik aloqalar oʻrnatildi. Ilmiy anjumanlar,
simpoziumlar oʻtkazildi. “Milliytarbiya.uz” platformasi ishga tushirildi.
Demak, gap faqat nazariya haqida emas, gap nazariyaning amaliyotga chiqib
boʻlgani haqida.
Yangi
Oʻzbekistonni qurishda yoshlar — strategik resurs. Lekin har qanday resursning
haqiqiy qiymati — uni toʻgʻri ishga solishda. Agar biz yosh avlodni tasodifiy
taʼsirlar ixtiyoriga tashlab qoʻysak, imkoniyatni boy beramiz. Aksincha,
yoshlar tarbiyasini ilmiy asoslangan, oʻlchanadigan, zamonga mos va maʼnaviy
jihatdan mustahkam metodologiya asosida qura olsak, nafaqat yaxshi oʻquvchini,
yaxshi mutaxassisni, balki yangi Oʻzbekistonning tayanchi boʻladigan shaxsni
tarbiyalaymiz. Shuning uchun bugun gap shunchaki yangi metod haqida emas,
millat kelajagi metodologiyasi haqida ketyapti. Tarbiyani tizimga aylantirsak,
yoshlar kelajakni kutmaydi — uni oʻzlari quradi. Yangi Oʻzbekistonning ertasi
bugun biz qanday metodologiyani tanlashimizga bogʻliq.
Xolboy IBRAIMOV,
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya
pedagogikasi
milliy instituti direktori,
pedagogika fanlari doktori, akademik