Tadbir viloyat hokimligi, maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi bilan hamkorlikda tashkil etilib, yoshlarda vatanparvarlikni shakllantirish, ular ongiga qadriyatlarimizga hurmat-ehtirom hissini singdirish maqsad qilindi.
Festivalda milliy hunarmandchilik, kattalar va bolalar folklor dastalari, milliy liboslar koʻrgazmasi yoʻnalishlari boʻyicha tanlovning tuman bosqichi gʻoliblari bellashdi.
— Toʻrt-besh yildan beri yogʻoch oʻymakorligi bilan shugʻullanamiz, ajdodlarimiz ham shu hunar ortidan non yegan, — deydi Forish tumanining Sayyod qishlogʻida yashovchi hunarmand Ermon Abdualimov. — Bu kabi tadbirlarda qatnashib, oʻzim kabi hunarmandlar, tadbirkorlar bilan yaqindan tanishyapman. Ularning tajribasini oʻrganib, hunarim sirlarini oʻgʻil-qizlarga oʻrgatyapman.
Festival bayramona tus olib, chinakam tantanaga aylanib ketdi. Bolalaru kattalar ijrosidagi xalqona, dilga yaqin qoʻshiqlar tarannumi, hunarmandchilik va liboslar koʻrgazmalari qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi. Hakamlar ularni munosib baholab, gʻoliblar aniqlandi hamda tashkilotchilarning esdalik sovgʻalari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Xolnisa RAHMONQULOVA