Milliy gvardiya “Temurbek oʻgʻlonlari” tarbiyasiga masʼul

    Harbiy 20 Oktabr 2021 2074

    Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va “Temurbek oʻgʻlonlari” nodavlat taʼlim muassasasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv imzolandi.

    Hamkorlikdan koʻzlangan asosiy maqsad “Temurbek oʻgʻlonlari” nodavlat taʼlim muassasasi oʻquvchilarining vatanparvarlik, Vatanga sodiqlik, fidoyilik tuygʻularini shakllantirish va rivojlantirish, maʼnaviy-axloqiy sifatlarini yuksaltirish, ishchanlik, ijodiy faollik qobiliyatlarini, bilim olishga boʻlgan ongli munosabatlarini shakllantirish, aqliy va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirishdir, Shuningdek, Milliy gvardiya saflarida xizmat qilishga qiziqtirish va ularda milliy armiyamizga boʻlgan hurmatni oshirishdan iborat. Ushbu kelishuvga asosan Milliy gvardiya “Temurbek oʻgʻlonlari” NTMning chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik sinfini kerakli anjomlar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar bilan jihozlashga va maxsus kiyim-bosh dizaynini tayyorlashga koʻmaklashadi. Oʻquvchilarni harbiy kasbga qiziqtirish boʻyicha Milliy gvardiya boʻlib oʻtadigan harbiy vatanparvarlikka yoʻnaltirilgan tadbirlarda ishtirok etishlarini taʼminlaydi. Boshlangʻich harbiy tayyorgarlik darajalarini oshirish va Milliy gvardiya toʻgʻrisidagi bilimlarini oshirish boʻyicha kerakli sharoitlar yaratiladi. Shu bilan bir qatorda muassasa oʻquvchilari uchun tizimga qarashli taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻtkaziladigan fan olimpiadalari va sport musobaqalarida qatnashish imkoniyatlari yaratiladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi matbuot xizmati.

    Kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar albatta Milliy gvardiya tarkibini bilimli, erkin fikrlaydigan, aqlan va jismonan yetuk kadrlar zaxirasi bilan boyitishda oʻz samarasini beradi.