Milliy gvardiyada katta leytenant va podpolkovnik pora olgan vaqtida ushlandi

    Ular yuqori lavozimdagi hamkasblari orqali fuqarolarni milliy gvardiya tizimiga ishga joylashtirmoqchi boʻlgan.

    Milliy gvardiyaning Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasi Olmazor tumani boʻlimi otryad komandiri katta leytenat T.A. 1980-y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, yuqori lavozimda ishlovchi hamkasblari orqali uning tanishini Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritib qoʻyish evaziga M.Ulugʻbek tumanidagi “Ekobozor” savdo majmuasi avtoturargohida 5500 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Milliy gvardiyaning Qoʻriqlash bosh boshqarmasiga qarashli sogʻlomlashtirish oromgohi rahbari podpolkovnik A.R. xizmat mavqeidan foydalangan holda, 1989-y.t. fuqaroni ishonchiga kirib, oʻzining vakolatli tanishlari yordamida uni Milliy gvardiyaning Toshkent viloyatidagi qoʻriqlash boʻlinmalaridan biriga ishga joylashtirib qoʻyish evaziga 1500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.