“Milliy ilmiy portal” Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, Oʻzbekistonda ilk bora mamlakatning ilmiy salohiyatiga oid barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan. Mazkur portal ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida moliyalashtirilgan boʻlib, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan olimlar, tadqiqotchilar, shuningdek, keng jamoatchilik vakillarini ilm-fan sohasiga birlashtirish maqsadida yoʻlga qoʻyildi.

“Milliy ilmiy portal”da olimlar uchun alohida modul yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, unda loyihalar tanlovi, olimlar uchun (doktorantura, noshirlik faoliyati, ilmiy stajirovkalar, xalqaro grantlar, dasturlar), dayjest va tahliliy maʼlumotnomalar berilgan. Shuningdek, portalda 450 ga yaqin mahalliy va xorijiy konferensiya, 15ga yaqin xalqaro tashkilot va moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar bilan tuzilgan memorandumlar, 3000 dan ortiq milliy ilmiy-texnik axborot resurslari modulidagi dissertatsiyalar reyestri, 174 ga yaqin intellekual mulk obyekti byulletenlari bazasi hamda ilmiy ishlanmalar va innovatsion gʻoyalarni tijoratlashtirish modulida 143 ta samarador loyiha toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini oʻz ichiga oladi.

Portalda interaktiv xarita koʻrinishida Oʻzbekiston Respublikasi Ilmiy va innovatsion infratuzilmasi navigatoriga 62 ta soha tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazalari joylashtirilgan.

Yoʻlga qoʻyilgan portalda Oʻzbekiston va jahonda ilm-fan yoʻnalishida boʻlayotgan yangiliklar eʼlon qilinibgina qolmay, respublika boʻylab tashkil etilayotgan anjumanlar toʻgʻrisida ham berib boriladi.

Mazkur portal https://nsp.gov.uz/ domeni ostida yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ilmiy muassasalar oʻz faoliyati davomida foydalanishi mumkin. Platforma har bir taʼlim muassasasi haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olibgina qolmay, ular tasarrufidagi tashkilotlar haqidagi maʼlumotlar ham kiritilgan.

Aziza ASLANOVA,

Ilmiy-texnik axborot markazi mutaxassisi