Xalqaro huquq negizida uning birlamchi subyektlari boʻlmish davlatlarning irodasi va xalqaro-huquqiy tashabbuslari yotadi.
Oxirgi yillarda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro-huquqiy tashabbuslari mamlakat tashqi siyosatining yangi yoʻnalishi sifatida namoyon boʻlmoqda. Hozirgi zamon xalqaro aloqalari tizimida Oʻzbekiston nisbatan yosh mustaqil davlat boʻlishiga qaramay, oʻzining salmoqli ovoziga ega. Qisqa vaqt ichida, u xalqaro munosabatlarning faol subyektiga aylanib ulgurdi. Eng qudratli davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning yurtimizga nisbatan munosabati buning yaqqol dalilidir.
Shu oʻrinda, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning shunchaki subyekti yoki xalqaro huquq me’yorlarining oddiy iste’molchisi va ijrochisigina emas, balki xalqaro huquq normalarini ishlab chiqish jarayonining faol ishtirokchisiga aylanib borayotganligini ham alohida mamnuniyat bilan eslab oʻtish maqsadga muvofiqdir. Ayniqsa, soʻnggi oʻn yillikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH va boshqa xalqaro tashkilotlar va tuzulmalar minbarida yangragan xalqaro-huquqiy tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng olqishlanmoqda.
Davlatimiz rahbari 2017-yil sentabr oyida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining Nyu Yorkdagi 72-sessiyasida BMTning “Yoshlar huquqlari toʻgʻrisida”gi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif qilgan edi. Hozirda ushbu konvensiyani ishlab chiqish jarayoni davom etmoqda. Bundan tashqari, Bosh Assambleyaning 2020-yil sentabrdagi 75-sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti “Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeks”ni ishlab chiqish gʻoyasini oʻrtaga tashladi. COVID-19 inqirozi tajribasidan kelib chiqqan holda global pandemiyalar natijasida yuzaga keladigan xalqaro vaziyat sharoitida xalqaro hamkorlik va davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari ijrosini xalqaro-huquqiy tartibga solishga qaratilgan mazkur tashabbus ham aksariyat davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Shu tariqa Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro aloqalardagi faolligi va xalqaro norma ijodkorligi jarayonidagi ishtiroki Davlatimiz rahbarining xalqaro-huquqiy tashabbuslari orqali yaqqol namoyon boʻlib kelmoqda.
Yangi Oʻzbekistonning xalqaro-huquqiy tashabbuslari universal va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham tobora kengayib bormoqda. Xususan, oʻtgan qisqa vaqt ichida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yana bir qator rezolyutsiyalar qabul qilindi. “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, “Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi sifatida e’lon qilish”, “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish”, “Markaziy va Janubiy Osiyoda oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash” nomli rezolyutsiyalar va boshqalar shular jumlasidandir. Umuman olib aytganda, soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ma’qullangan rezolyutsiyalar soni 13 taga etdi. Shulardan 7 tasining gʻoyat qisqa vaqt ichida – 2024-2025-yillar mobaynida qabul qilinganligi, shubhasiz, Yangi Oʻzbekiston diplomatiyasining katta yutuqlaridan biridir.
Xalqaro-huquqiy tashabbuslar bilan bir qatorda Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi tashkiliy-institutsional tashabbuslari ham keng jamoatchilik e’tiboriga sazovor boʻlmoqda. Ularga misol sifatida BMT huzurida Afgʻoniston boʻyicha xalqaro hamkorlik qoʻmitasini tashkil etish, BMT shafeligida Markaziy Osiyoda transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish, BMT Bosh kotibining Suv resurslari boʻyicha maxsus vakili institutini ta’sis etish, BMTning Yoshlar huquqlari boʻyicha maxsus ma’ruzachisi lavozimini joriy qilish kabi takliflarini keltirish mumkin.
Oʻzbekistonning xalqaro-huquqiy tashabbuslari ilgʻor xalqaro tajribalar hamda milliy davlatchiligimizning azaliy qadriyatlari negizida ilgari surilayotgani ham oʻziga xoslikni namoyon etadi. Xususan, Oʻzbekiston xalqaro-huquqiy tashabbuslarining BMT tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohangligi, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Oʻzbekistonning xalqaro tashabbuslari mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirmoqda, xalqaro tashkilotlardagi mavqeini mustahkamlamoqda. Xususan, 2024-yilning iyun oyida Oʻzbekiston oʻz tarixida birinchi marta 2025-2027-yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi a’zoligiga, Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasi doirasida esa XMT Ma’muriy kengashining a’zosi oʻrinbosarligiga, 2026-yilning aprel oyida Nyu York shahrida BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining (ECOSOC) sessiyasi doirasida boʻlib oʻtgan saylovda ilk bor BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov masalalari boʻyicha komissiyasiga 2027–2029-yillar davriga a’zo etib saylandi. Joriy yilning 19-yanvar kuni Davlatimiz rahbari BMT Xavfsizlik Kengashining 2025-yil 17-noyabrdagi 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan Gʻazodagi mojaroni tugatish boʻyicha xalqaro tashabbusga shaxsan taklif etildi va mamlakatimiz xalqaro Tinchlik kengashining ta’sischilaridan biriga aylandi.
Oʻzbekiston 2027-2029-yillarda xalqaro Qoʻshilmaslik harakatiga raislik qiladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 2035-2036-yillarda faoliyat koʻrsatuvchi doimiy boʻlmagan a’zoligiga Oʻzbekiston nomzodi ilgari surilmoqda. BMT Nizomiga muvofiq Bosh Assambleya tomonidan Xavfsizlik Kengashining doimiy boʻlmagan a’zoligiga saylanish uchun nomzod davlatning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda hamda Tashkilotning boshqa maqsadlariga erishishdagi faol ishtiroki asosiy mezon hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekistonning Gʻazoda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish yoʻlidagi sayi-harakatlari va tashabbuslari ushbu ulkan maqsadlarni roʻyobga chiqarish uchun siyosiy sarmoyadir. Qolaversa, Yaqin Sharq mintaqasi oʻzining nafaqat diniy va madaniy yaqinligi, balki savdo-iqtisodiy ahamiyatiga koʻra ham milliy manfaaatlarimiz bilan toʻla uygʻunlik kasb etadi.
Markaziy Osiyoning eng koʻp nufusli mamlakati boʻlmish Oʻzbekistonning xalqaro-huquqiy tashabbuslari shu bilangina cheklanib qolmaydi, albatta. Mintaqamizdagi transchegaraviy daryolar suvidan foydalanish, Orol boʻyidagi ekologik inqiroz, tashqi mehnat migrasiyasi, iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq tabiiy muhit va boshqa omillar yanada keng jabhali va chuqur xalqaro hamkorlikni talab etmoqda. Bunday hamkorlikni amalga oshirish negizida esa, birinchi navbatda, xalqaro huquq me’yorlari yotadi. Shunday ekan, mintaqadagi xalqaro hamkorlikning istiqbollari yangidan-yangi xalqaro-huquqiy tashabbuslarga bogʻliq. Buning natijasida Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi tashabbuslari yanada baralla yangraydi, ular orqali xalqaro miqyosda milliy manfaatlarimiz toʻlaqonli himoya qilinadi, mamlakat nufuzi yuksaladi, xalqimizning xalqaro-huquqiy savodxonligi oshadi, Oʻzbekiston milliy huquqi tizimining xalqaro huquq bilan integrasiyalashuvi chuqurlashadi. Eng muhimi, jahonda tinchlik, hamjihatlik, barqaror rivojlanish va xalqaro huquqiy tartibot istiqboliga munosib hissa qoʻshiladi.
Xaydarali Yunusov,
yuridik fanlar doktori,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori.