Yigʻilishda 2021-2022-yillarga moʻljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi ijrosining borishi, shuningdek, sogʻliqni saqlash va davlat xaridlari sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihalarini amalga oshirish boʻyicha yoʻl xaritalarida belgilangan vazifalar, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining faoliyatini reyting baholash natijalari muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan Davlat dasturi ijrosining borishi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlar faoliyati yuzasidan axborot berdi.

Taʼkidlanganidek, mazkur Davlat dasturida 5 ta yoʻnalishdagi 44 ta bandda 50 dan ortiq vazifa va topshiriqlar belgilangan. Xususan, 20 ta normativ huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish nazarda tutilgan boʻlib, bugungi kunda ularning 8 tasi qabul qilingan hamda amaliyotga joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, Davlat dasturiga muvofiq, korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus dasturiy taʼminot “Ye-anticor.uz” platformasi, korrupsiya haqida tezkor xabar berish imkonini beruvchi “1253” qisqa raqamli “Call-markaz” va Jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami orqali davlat xaridi boʻyicha maxsus axborot portalida manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq xavflarni aniqlash elektron tizimlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Yigʻilishda Davlat dasturida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash boʻyicha barcha davlat organlari va tashkilot rahbarlarining masʼuliyatini yanada oshirish kerakligiga alohida urgʻu berildi.

Joriy yil Agentlik tomonidan Sogʻliqni saqlash, davlat xaridlari, Kapital qurilish va Oliy taʼlim vazirliklari bilan birgalikda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2022-2023-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xarita”lari loyihasi ishlab chiqildi. Yigʻilishda Agentlik direktori tomonidan mazkur “Yoʻl xarita”lari loyihasida belgilangan maqsad-vazifalar xususida ham maʼlumot berib oʻtildi.

Qayd etilganidek, “Yoʻl xarita”lari loyihasida sogʻliqni saqlash tizimida “raqamli tibbiyot” va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, davlat xaridlari sohasida korrupsion xavf-xatarlar, muammolarni aniqlash boʻyicha tadqiqot tahlillar oʻtkazish, Qurilish vazirligi tizimida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini yanada takomillashtirish, oliy taʼlim tizimida faoliyat shaffofligini taʼminlash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi bir qator muhim vazifalar belgilab olingan.

Joriy yil yanvar oyi davomida hududiy kengashlar faoliyatini reyting baholash boʻyicha komissiya tomonidan hududlarning 2021-yilning oktyabr-dekabr oyidagi faoliyati turli yoʻnalishlarda baholab chiqildi.

Yigʻilishda ushbu reyting baholashning natijalari atroflicha muhokama qilindi.

Baholash yakunlariga koʻra, hududlar miqyosida Sirdaryo viloyati va Qorqalpogʻiston Respublikasi kengashlari tomonidan OAV bilan hamkorlik yaxshi yoʻlga qoʻyilgani, Buxoro viloyatida mahalliy idoralar rahbarlarining hisobdorligini oshirish va profilaktik choralar yoʻnalishida faol ish yuritilganligi hamda Fargʻona viloyatida tashkiliy choralar samarali amalga oshirilganligi sababli boshqa hududlarga nisbatan ushbu kengashlarning faoliyati yuqoriroq baholandi.

Qashqadaryo, Xorazm, Toshkent, Surxondaryo, Andijon viloyatlari va Toshkent shahri kengashlari esa qolganlarga nisbatan past koʻrsatkichlarga erishgani maʼlum qilindi.

Yigʻilishda ushbu tahlillar asosida hududiy kengashlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan ayrim xato va kamchiliklar xususida soʻz yuritilib, ularni bartaraf etish boʻyicha bir qator takliflar ilgari surildi.

Majlis yakunida Milliy kengashning tegishli qarori qabul qilindi va 2022-2023-yillarda sogʻliqni saqlash, qurilish, oliy taʼlim hamda davlat xaridlari tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish boʻyicha yangi “yoʻl xaritalari” tasdiqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati