Shuningdek, endilikda musiqa fani uchun ajratilgan oʻquv soatlari doirasida “Hayotimga hamrohdir cholgʻu” shiori ostida “Cholgʻu ijrochiligi” dars mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyilishi ham aytib oʻtilgan. Umumtaʼlim maktablarida aynan millliy cholgʻularimizni chalishga va oʻrganishga eʼtibor qaratilishi bu milliy musiqamizga boʻlgan eʼtibor demakdir. Agar bolalarimiz hayotiga milliy cholgʻularimiz hamroh boʻlsa, ularning faqatgina telefon va internetga bogʻlangan hayotida oʻzgacha yorugʻlik – maʼnaviy nur paydo boʻladi. Milliy qadriyatlarimizga va anʼanalarimizga nisbatan oʻzgacha mehr uygʻonadi.
Davlatimiz rahbari koʻplab maʼruzalarida milliy musiqalarimiz va mumtoz qoʻshiqlarimizning inson kamolotida katta ahamiyat kasb etishi, agar bolalarimiz hayotiga milliy cholgʻularimiz, milliy musiqalarimiz hamroh boʻlsa, ularning faqatgina telefon va internetga bogʻlangan hayotida oʻzgacha yorugʻlik – maʼnaviy nur paydo boʻlishi haqida taʼkidlaganlar. Men hayotimda kasbi va faoliyati boshqa boʻlsa-da, dutor, tanbur yoki nayni maromiga yetkazib chala oladigan insonlarni bilaman. Ular milliy sozlarimizni maʼnaviy-ruhiy olamlariga mazmun baxsh etish uchun chaladilar. Va bu maʼnaviy ustunlik inson sogʻligiga ham bevosita taʼsir qiladi. Qolaversa, milliy musiqaga boʻlgan intilishlarimiz va izlanishlarimiz hayotdagi maqsadlarimizga va niyatlarimizga milliy ruh baxsh etadi. Boʻsh vaqtini, maʼnaviy hordiq onlarini kuy-qoʻshiq bilan oʻtkazadigan, kitob oʻqiydigan odamlardan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Bunday insonlarning ona yurtiga sadoqati, atrofidagi insonlarga boʻlgan munosabatini koʻrib havasingiz keladi.
Munojat YOʻLCHIYEVA,
Oʻzbekiston Qahramoni