Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Farxod Arziyev soʻzga chiqdi.
Tadbirda Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzoligi doirasida joriy yilda amalga oshirilgan ishlar, mamlakatimizning xalqaro majburiyatlaridan kelib chiqadigan vazifalar ijrosi muhokama qilindi. Shuningdek, kirib kelayotgan 2022-yilda inson huquqlari sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan xalqaro ahamiyatga molik tadbirlar haqida soʻz yuritildi.
Yangi Oʻzbekiston xalqaro tashkilotlarning oliy darajadagi minbarlaridan demokratik islohotlar va inson huquqlari sohasida qator taklif va tashabbuslar bilan maydonga chiqmoqda. Xususan:
- Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish;
- Samarqand shahrida muntazam oʻtkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global taʼlim forumini tashkil etish;
- Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish;
- yoshlar masalasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashini tuzish;
- Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini oʻtkazish;
- Imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻz qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha Mintaqaviy kengash tuzish;
- BMTning Yoshlar huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachisi institutini taʼsis etish;
- Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish;
- Osiyo qitʼasining inson huquqlari boʻyicha mintaqaviy mexanizmini yaratish kabi dolzarb masalalar doirasida izchil ish olib borilmoqda.
Muhokamalar davomida Oʻzbekistonda inson huquqlarini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati hamda bu boradagi salmoqli yutuqlar bilan xorijiy mamlakatlar jamoatchiligini muntazam tanishtirib borish mavzusiga eʼtibor qaratildi. Yangi Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi siyosatini oʻziga xos mintaqaviy va xalqaro model sifatida talqin hamda targʻib etishda mamlakatimiz elchixonalarining oʻrni muhim ekani alohida taʼkidlandi.
Tadbir yakunida mamlakatimiz elchilarining Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro tashabbuslarini amalga oshirish, chet eldagi vatandoshlarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan inson huquqlari sohasidagi aloqalarini rivojlantirish yoʻlidagi samarali va faol hamkorligi eʼtirof etildi.
Shu munosabat bilan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mamlakatimizning AQSH, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Polsha, Rossiya davlatlaridagi hamda BMTning Jeneva shahridagi va YUNESKO huzuridagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga tashakkurnomalar taqdim etildi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.