Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (XKA) matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, azaliy qadriyatimiz kurash 2023-yil avgust oyida Kongo Demokratik Respublikasining Brazzavil shahrida o‘tadigan Afrika o‘yinlari tizimidan alohida sport turi sifatida rasman joy oldi.
Shu munosabat bilan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi va texnik direktori Muhammad Rizo Nosiriy mazkur o‘yinlar bilan bog‘liq masalalarni muhokama etish maqsadida Kongoga xizmat safari uyushtirdi.
Tashrif davomida Kongo Yoshlar va sport, fuqarolik ta’limi vaziri Xugues Ngouelondele bilan uchrashdi. Muloqotlar davomida kurashning Afrika o‘yinlaridagi texnik jihatlariga oid masalalar muhokama etildi. Kurash musobaqalari uchun zarur bo‘lgan vositalar, texnik talablar va takliflar bildirildi.
Xugues Ngouelondele mamlakatda kurashni eng ommalashgan sport turlaridan biri darajasiga olib chiqish maqsadida yirik musobaqalar o‘tkazib kelinayotgani va hukumat darajasida qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirib, Kongo kurash federatsiyasiga kurash gilami sovg‘a qilingani uchun minnatdorlik bildirdi. Kelgusida kurash vatani O‘zbekistonga tashrif buyurish rejalari borligini bildirib o‘tdi.
Uchrashuv davomida XKA bosh kotibi Rizo Nosiriy Afrika o‘yinlarida kurash musobaqalari o‘tadigan zallar, sportchi va hakamlar, texnik delegatlar uchun ajratiladigan majmualar bilan tanishdi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.