2022-yil may va iyun oylarida Jahon banki koʻmagida kursning ikki bosqichi oʻtkazildi. Kurslarga respublika boʻyicha tez tibbiy yordam (TTYO) xizmatining 230 nafardan ziyod rahbar va mutaxassislari qatnashdi. Bunday oʻqishning eng yaxshi dasturini tanlab olish maqsadida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligining Loyihalarni amalga oshirish guruhi tomonidan tanlov oʻtkazildi.
Unda xalqaro standartlarning zarur mezonlari talabiga javob beruvchi hamda mavzuning eng dolzarb yoʻnalishlarini oʻz ichiga oluvchi “Ishonchli maʼlumotlar asosida qaror qabul qilishda salohiyatni oshirish” kursini taklif etgan Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi peshqadamlik qildi.
“Biz eng soʻngi jahon tendensiyalarini va xalqaro amaliyotlari muvaffaqiyatlarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimi rivojiga hissa qoʻshishda Jahon banki kabi nufuzli xalqaro institutlarning saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz. Mazkur taʼlim kursini oʻtkazish — ushbu yoʻnalishdagi muhim qadamlardan biri”, — deb taʼkidladi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi raisi Rovshan Izamov.
Treningni olib borish uchun Buyurtmachining talabiga muvofiq tanlov asosida topshiriqlarni bajarish maqsadida eng malakali deb topilgan Toshkent boʻlinmasi tanlangan.
Maʼlumki, tibbiyotning oʻz statistikasi mavjud. Uning qanchalik zamonaviy ekanligi va sifatni oshirish uchun undan qanday foydalanilayotgani haqida 72 soat davomida trenerlar va tinglovchilar soʻzladi. Dastavval tez tibbiy yordam rahbarlarining tahlil va statistik maʼlumotni baholash sohasidagi bilim va koʻnikmalari darajasi aniqlandi.
Onlayn shakldagi oʻquv ishonchli maʼlumotlar asosida qaror qabul qilish koʻnikmalarini rivojlantirishni maqsad qilgan. Toʻliq kurs uch bosqichga moʻljallangan boʻlib, tez tibbiy yordam tizimining 350 nafar rahbarlari va mutaxassislarini qamrab oladi. Uning oʻtkazilishi shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati rahbariyatiga tibbiy-statistik maʼlumotning dasturiy taʼminotini joriy etish hamda xizmat faoliyatini tahlil etish va baholash uchun maʼlumotlar saqlanadigan joylar vositalarini joriy etish boʻyicha tavsiyalar tuzib chiqish imkonini beradi.
— Men uchun sogʻliqni saqlash tizimining koʻpgina huquqiy jihatlari yangi tomondan koʻrina boshladi. deydi Beruniy tuman tibbiyot birlashmasi bosh jarrohi, tibbiyot fanlari nomzodi Bozorboy Oʻrazaliyev. — Ushbu qisqa kursda koʻpgina muhim jihatlar, jumladan, statistika, sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining huquqiy himoyasi va qandaydir darajada bizning ishimizga yangicha yondashish, nimanidir idrok qilish imkonini beradigan boshqa bir qator mavzular qamrab olingan deb hisoblayman. Shuningdek, bunday kurslarni har ikki yilda oʻtkazishni taklif qilaman.
Hisobot — sifatli tibbiyotni tashkil etishda yordam usuli boʻlishi mumkin. Bu tez tibbiy yordam tizimi haqida soʻz yuritilganda yanada muhim. Tez tibbiy yordam markazlari, filiallari, boʻlinmalari kadrlari mavjudligini, joylarga borib tibbiy yordam koʻrsatishdagi koʻrsatkichlar, shifoxonaga yetkazilganlar va u yerlarda davolanganlar, yordam koʻrsatilgan odamlar sonini tahlil qilishda muhim. Yanada muhimrogʻi — ushbu tahlil asosida zarur xulosalar chiqarish. Maqsad — yuqori sifat darajasida odamlar sogʻligi va hayotini muhofaza qilish.
“Ishonchli maʼlumotlar asosida qaror qabul qilishda salohiyatni oshirish” kursi davomida tibbiyotdagi sifat menejmentlari modellari haqida ham soʻz yuritildi. Zamondoshlarimizning yuqori darajadagi tibbiy xizmatga ehtiyoji muttasil oʻsib boryapti. Bu esa tibbiyot tashkilotlarida jarayonlar va xizmatlarni tizimli ravishda takomillashtirib borishni taqozo etadi.
Bu esa tibbiyot muassasalarida strategiya va taktikani aniq belgilashni, maqsad va vazifalarni aniq ifodalashni, siyosat va mehnat motivatsiyasini ishlab chiqishni, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida harakat rejasini ishlab chiqishni talab etadi. Bu tashkilotlarga oʻzlarining mavjud va endi oʻzlashtiriladigan xususiyatlarini ishga solishdan foyda olish imkonini beradi.
Tibbiy xizmatlar sifatining doim yaxshilab borilishi bugun har qanaqangi muassasaning muvaffaqiyatli va natijali ishi uchun zarurat hisoblanadi. Bunda samarali qarorlar intuitiv holda emas, axborotlar, ishonchli maʼlumotlar asosidagi tahlillardan kelib chiqib qabul qilinishi kerak. Treningning dastlabki ikkita bosqichidan bunday yondashuvni respublika tez tibbiy yordam tizimi mutaxassislari yaxshi tushunishi va qoʻllab-quvvatlashi maʼlum boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi