Milliy qadriyatlarni oʻrganish Millatlararo totuvlikni mustahkamlash omillaridan biri

    Ta'lim 21 Sentabr 2021 1670

    2021-yil 21-sentyabrda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Oʻzbekiston –umumiy uyimiz” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Iqtisodiyot fakulteti yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosari Komiljon Xursandov, Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi professor-oʻqituvchilari, 1-kurs talabalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamkorligida tashkil etildi.

    Tadbirni kafedra mudiri pedagogika fanlari nomzodi M.Kamalova ochib berdi. Malika Kamalova Oʻzbekistonda barcha millat va elat vakillarining tili, madaniyati, milliy qadriyatlarini oʻrganishi, rivojlantirishi, kelgusi avlodlarga yetkazishi uchun barcha sharoit yaratilgani millatlararo va dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, ularda barcha uchun yagona Vatan boʻlgan Oʻzbekiston taraqqiyotiga daxldorlik tuygʻusini yuksaltirishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi maʼnaviy-maʼrifiy boʻlimi boshligʻi Abduraxim Nurmurodovga soʻz berildi. A.Nurmurodov qoʻmitada olib borilayotgan ishlar va rejalar haqida gapirib, mamlakatda ijtimoiy barqarorlik va tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga qaratilgan loyihalar haqida maʼlumot berdi.

    Yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosari Komiljon Xursandov ushbu nufuzli qoʻmitaning faoliyati navqiron avlodni millatlararo totuvlik, oʻzaro hurmat, milliy-maʼnaviy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim oʻrin tutishini alohida taʼkidladi. Tadbirda 1-kurs talabalaridan Maxmatkulova Madina, Dosmuxamedov Nusrat, Ibraximov Abrorbek faol ishtirok etdi. Ushbu uchrashuv talabalarning erkin bahs-munozaralari bilan davom ettirildi.

    Yulduz Eshmatova, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi katta oʻqituvchisi.