O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga yetib kelar ekan, bosib o‘tilgan yo‘lni baholashda eng xolis manbalardan biri statistikadir. Chunki raqamlar kechagi va bugungi holat o‘rtasidagi farqni aniq ko‘rsatadi. Aholi soni, yalpi ichki mahsulot, investitsiya, tashqi savdo, ta’lim, umr davomiyligi, kambag‘allik yoki aholining yashash sharoitiga oid ko‘rsatkichlarni bir-biri bilan taqqoslaganda mamlakatda yuz bergan o‘zgarishlar ko‘lami yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Shu ma’noda, statistika o‘tgan davrning raqamlardagi solnomasigina emas. U bugungi holatni anglash, ertangi vazifalarni to‘g‘ri belgilash va qabul qilinayotgan qarorlar natijasini baholash uchun zarur asosdir.

2026-yil 28-avgust kuni davlatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz mamlakat taraqqiyotining keyingi bosqichi uchun qator yangi marralarni belgilab berdi. Jumladan, iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish, kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish, 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard AQSh dollariga yetkazish hamda sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifalari qayd etildi.

Bu maqsadlarning ko‘lamini to‘g‘ri tasavvur qilish uchun esa, avvalo, mustaqillik yillarida qanday iqtisodiy va ijtimoiy yo‘l bosib o‘tilganiga nazar tashlash zarur.

Iqtisodiyotning yangi ko‘lami

Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotining haj¬mi, tarmoq tarkibi, ishlab chiqarish imkoniyatlari va tashqi bozorlar bilan aloqalari bugungidan mutlaqo boshqacha edi. O‘tgan 35 yil mobaynida iqtisodiyot nafaqat miqdor jihatidan o‘sdi, balki ichki tuzilishi ham sezilarli darajada o‘zgardi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti joriy narxlarda 1849,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Real hajm nuqtayi nazaridan qaralganda, mamlakat iqtisodiyoti 1991-yildagi darajaga nisbatan qariyb 4,8 baravar, 2016-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan esa 1,7 baravar o‘sdi.

2026-yilning birinchi yarmi ham iqtisodiy faollik yuqori sur’atda davom etayotganini ko‘rsatdi. Yanvar-iyun oylarida yalpi ichki mahsulot 1072,7 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan real hisobda 8,5 foiz o‘sdi. Iqtisodiyot tarmoqlarining yalpi qo‘shilgan qiymati tarkibida xizmatlar sohasi 50,8 foiz, sanoat 26,5 foiz, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 15 foiz, qurilish esa 7,7 foiz ulushga ega bo‘ldi.

Bu nisbatlar O‘zbekiston iqtisodiyotida xizmatlar va sanoatning o‘rni tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Endi iqtisodiy o‘sishning mazmuni faqat ishlab chiqarilgan mahsulot yoki ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi bilan emas, balki mehnat unumdorligi, texnologiyalar darajasi, yaratilayotgan qo‘shilgan qiymat va ish o‘rinlari sifati bilan ham belgilanadi.

Ayni shu nuqtayi nazardan 2030 yilgacha YAIMni 300 milliard dollarga yetkazish vazifasi yangi bosqichning miqdoriy marrasi bo‘lish bilan birga iqtisodiyotning sifat jihatidan ham yangilanishini taqozo etadi.

Sarmoya — o‘sishning poydevori

Iqtisodiyotning uzoq muddatli o‘sishi investitsiya bilan chambarchas bog‘liq. Yangi korxona, ishlab chiqarish liniyasi, yo‘l, elektr tarmog‘i, uy-joy, maktab yoki shifoxona — bularning barchasi, avvalo, sarmoya talab qiladi.

2025-yilda O‘zbekistonda asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiya hajmi 603,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Real hajm nuqtayi nazaridan investitsiyalar 1991-yildagi darajaga nisbatan 14,6 baravar, 2016-yildagiga nisbatan esa qariyb 3,9 baravar oshdi.

Qurilish sohasida xuddi shunday katta o‘zgarish kuzatiladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda respublikada 313,9 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Ularning real hajmi 1991-yildagiga nisbatan 12,3 baravar, 2016-yildagidan esa 2,5 baravar ko‘paydi.

Bu raqamlar ortida minglab yangi obyektlar, ishlab chiqarish quvvatlari va infratuzilma loyihalari turibdi. Shu bilan birga, keyingi bosqichda investitsiya hajmining o‘zi yetarli ko‘rsatkich bo‘lib qolmaydi. Kiritilgan sarmoya qancha yangi mahsulot yaratdi, nechta barqaror ish o‘rni paydo qildi, eksport imkoniyatlarini qay darajada kengaytirdi va mehnat unumdorligiga qanday ta’sir ko‘rsatdi — inves¬titsiya samaradorligini aynan shu natijalar belgilaydi.

2030-yilgacha va undan keyingi davr uchun belgilangan keng ko‘lamli investitsiya vazifalarining ahamiyati ham shunda. Kapital oqimini jalb qilish bilan birga uni yuqori texnologik va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalarga yo‘naltirish iqtisodiyotning yangi modelini shakllantirishda hal qiluvchi omil bo‘ladi.

Dunyo bozoriga yo‘l

O‘zbekiston iqtisodiyotida yuz bergan katta o‘zgarishlarni tashqi savdo ko‘rsatkichlarida ham ko‘rish mumkin.

2025-yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 82,8 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 1991 yildagi 3,3 milliard dollarga nisbatan qariyb 25 baravar, 2016 yildagi 24,2 milliard dollarga nisbatan esa 3,4 baravar ko‘paygan. Shundan eksport 34,25 milliard, import esa 48,52 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Bugun O‘zbekiston dunyoning 200 dan ziyod mamlakati bilan savdo aloqalariga ega.

Biroq zamonaviy iqtisodiyotda tashqi savdoning umumiy hajmi bilan cheklanib qolish mumkin emas. Mamlakat uchun eksportda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi ortishi, tashqi bozorlarga tayyor mahsulot va zamonaviy xizmatlar bilan chiqish, eksport geografiyasini kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

20,6 milliondan 38 milliondan ziyod aholigacha

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning demografik qiyofasi tubdan o‘zgardi. 1991-yil boshida mamlakatning doimiy aholisi 20,6 million edi. 2026-yil 1-yanvar holatiga joriy statistik hisob bo‘¬yicha aholi soni 38 million 236,7 mingga yetdi. Ya’ni o‘tgan 35 yilda O‘zbekiston aholisi qariyb 17,6 millionga ko‘paydi.

Bu o‘zgarish mamlakat iqtisodiyoti uchun katta mehnat va iste’mol bozorini shakllantirdi. Ayni vaqtda demografik o‘sish davlat va jamiyat oldiga yangi vazifalarni ham qo‘ydi. Millionlab yangi fuqaro uchun ta’lim muassasalari, tibbiy xizmat, uy-joy, transport, muhandislik infratuzilmasi va munosib ish o‘rinlariga ehtiyoj paydo bo‘ldi.

Nufus oshgani sari mamlakatning umumiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarini aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ko‘rsatkichlar bilan birga baholashning ahamiyati ham ortib boradi. Chunki iqtisodiy taraqqiyotning eng muhim natijasi uning inson hayotida qanday aks etayotgani bilan belgilanadi.

Ta’limda kengaygan imkoniyatlar

Mustaqillik yillarida aholining ta’lim olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. 1991/1992 o‘quv yilida respublikada 8557 ta, 2016/2017 o‘quv yilida 9719 ta umumta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2025/2026 o‘quv yili boshida ularning soni 11 ming 118 taga yetdi.

Oliy ta’lim sohasidagi o‘zgarish yanada sezilarli. 2025/2026 o‘quv yili boshida O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlari soni filiallar bilan birga

215 taga yetdi. Bu 1991/1992 o‘quv yilidagi 52 taga nisbatan 4,1 baravar, 2016/2017 o‘quv yilidagi 70 taga nisbatan esa 3,1 baravar ko‘p.

2025/2026 o‘quv yili boshida oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 535 mingni tashkil qildi. Bu 1991-1992 o‘quv yilidagi 337,4 mingga nisbatan qariyb 4,6 baravar, 2016-2017 o‘quv yilidagi 268,3 mingga nisbatan esa 5,7 baravar o‘sish demakdir.

Ayni jarayon doimo bir xil sur’atda kechmagan. Ayrim davrlarda talabalar soni kamaygan, keyingi yillarda esa oliy ta’lim qamrovi jadal kengaygan. Bu holatning o‘zi ham uzoq muddatli statistikaning ahamiyatini ko‘rsatadi: u faqat boshlang‘ich va yakuniy natijani emas, oradagi o‘zgarishlarni ham ko‘rish imkonini beradi.

Endilikda ta’lim sohasidagi asosiy masala faqat o‘quvchi yoki talabalar soni emas. Ta’lim sifati, bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi, mehnat bozori talab-lariga mosligi va ilmiy salohiyat yangi bosqichning muhim mezonlariga aylanmoqda.

Prezidentimizning mustaqillik bayramidagi nutqida 6 yoshli bolalarni tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish, texnikumlarda qamrovni 1 million nafarga yetkazish hamda kamida o‘nta universitetni dunyoning mingta yetakchi oliy ta’lim muassasasi qatoriga olib kirish bo‘yicha maqsadlar ham bildirildi.

Demak, keyingi bosqichda ta’lim statistikasi qamrov bilan birga sifat va natijadorlikni ham yanada kengroq aks ettirib borishi zarur bo‘ladi.

Uzoq umr — turmush sifatining muhim mezoni

Jamiyat taraqqiyotini ifodalovchi eng muhim demografik ko‘rsatkichlardan biri tug‘ilishda kutilayotgan umr davomiyligidir. 1991-yilda O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 66,4 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 75,4 yoshga yetdi. Ya’ni o‘rtadagi farq 9 yilni tashkil qildi.

Bu ko‘rsatkich faqat sog‘liqni saqlash tizimi faoliyati natijasi emas. Unga aholi turmush sharoiti, ovqatlanish sifati, daromadlari, mehnat muhiti, tibbiy profilaktika, sanitariya, ekologiya va boshqa ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bois, umr davomiyligi mamlakatdagi ijtimoiy taraqqiyotni umumlashgan holda ifodalaydigan muhim ko‘rsatkichlardan biridir.

Davlatimiz rahbari nutqida kelgusi besh yil mobaynida aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini YAIMga nisbatan 5 foizga yetkazish vazifasi belgilangani ham sohadagi natijalarni statistik jihatdan yanada keng baholashni taqozo etadi.

Farovonlik uy xo‘jaliklarida ham ko‘rinadi

Yirik makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar mamlakat taraqqiyotining umumiy manzarasini beradi. Lekin aholi turmush sharoitidagi o‘zgarishlarni kundalik hayotga yaqin bo‘lgan ma’lumotlarda ham ko‘rish mumkin. Masalan, 2010-yilda O‘zbekistonda bir kishiga o‘rtacha 15 kvadrat metr uy-joy maydoni to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2025-yilda mazkur ko‘rsatkich 19,2 kvadrat metrga yetgan.

2010-yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga o‘rtacha 21 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2016-yilda bu ko‘rsatkich 43 taga, 2025 yilda esa 61 taga yetdi. Ya’ni 2025 yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan avtomobillar soni 2010 yildagiga nisbatan qariyb 2,9 baravar, 2016 yildagidan esa 41,9 foiz ko‘paygan.

Uy xo‘jaliklarining maishiy texnika bilan ta’minlanganida ham ijobiy dinamika kuzatiladi. 2000 yilda har

100 ta uy xo‘jaligiga o‘rtacha 86 ta sovitkich va muzlatkich to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 124 taga yetdi. Bu aholining uzoq muddat foydalaniladigan maishiy tovarlar bilan ta’minlanganlik darajasi yillar davomida izchil ortib borganini ko‘rsatadi.

Raqamli texnologiyalarning kundalik hayotga kirib borishi esa yanada jadal kechdi. 2010-yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga 145 ta mobil telefon to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2016-yilda 246 taga, 2025- yilda esa

359 taga yetdi. Demak, 2025-yilda mazkur ko‘rsatkich 2010-yildagiga nisbatan qariyb 2,5 baravar, 2016 yildagidan esa 1,5 baravar ko‘paygan.

Axborot texnologiyalaridan bevosita foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Uy xo‘jaliklari kuzatuvi ma’lumotlariga ko‘ra, 10 yosh va undan katta aholi orasida kompyuterdan foydalanuvchilar ulushi 2017-yilda 49,1 foiz bo‘lgan, 2025-yilda esa 62,1 foizga yetdi. Mobil telefondan foydalanuvchi 10 yosh va undan katta aholi ulushi esa 2025-yilda 99,3 foiz bo‘ldi.

Albatta, alohida maishiy ko‘rsatkich farovonlik darajasini to‘liq ifodalamaydi. Lekin ular boshqa ijtimoiy va iqtisodiy ma’lumotlar bilan birgalikda aholi hayotida yuz bergan o‘zgarishlarning yana bir qirrasini ochib beradi.

2026-yil: mamlakat haqidagi ma’lumotlar yangilangan yil

2026-yil O‘zbekiston milliy statistika tizimi tarixida alohida o‘rin tutadi. Mustaqil mamlakatimiz tarixida ilk bor aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilib, mamlakatning demografik va agrar salohiyati haqida keng qamrovli ma’lumotlar bazasini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratildi.

Ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, 2026-yil 15-yanvar holatiga O‘zbekiston aholisi 39 million 47 ming 321 nafarni tashkil etdi. Mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida 8,2 milliondan ortiq obyektning geolokatsiya ma’lumotlari shakllantirildi.

Bu aholi punktlari, turar joylar, qishloq xo‘jaligi obyektlari va boshqa manzilli birliklarni aniq joylashuvi bo‘yicha hisobga olish imkonini berdi. Eng muhimi, ushbu ma’lumotlar kelgusida statistik ko‘rsatkichlarni hududlar kesimida yanada aniq shakllantirish va tahlil qilish uchun muhim axborot asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Ro‘yxatga olishning ahamiyati aholi sonini aniqlash bilangina cheklanmaydi. U aholining yosh va jins tarkibi, hududlar bo‘yicha joylashuvi, yashash sharoiti, bandligi va boshqa ijtimoiy-demografik xususiyatlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi resurslari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangilash imkonini beradi. Bu esa mamlakat va uning har bir hududi haqidagi statistik tasavvurni yanada to‘liq va aniq shakllantirishga xizmat qiladi.

Ro‘yxatga olish natijalaridan davlat va hududiy dasturlarni ishlab chiqish, infratuzilma obyektlarini joylashtirish, maktablar va tibbiyot muassasalariga ehtiyojni baholash, bandlik va ijtimoiy himoya choralarini manzilli rejalashtirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda foydalanish mumkin. Boshqacha aytganda, ma’lumot qanchalik aniq va batafsil bo‘lsa, qabul qilinadigan qarorlar manzilliligi shunchalik ortadi.

Bu yo‘nalishda navbatdagi muhim qadamlar belgilab berilgan. Davlatimiz rahbarining 2026-yil 10-sentabrdagi farmonida ro‘yxatga olish natijalaridan samarali foydalanish, ularni bir martalik axborot sifatida emas, balki muntazam yangilanib boradigan statistik tizimni shakllantirishning muhim manbai sifatida qo‘llash nazarda tutilgan. Xususan, ro‘yxatga olish natijalari asosida aholi hamda qishloq xo‘jaligining statistik registrini shakllantirish, ularni tegishli davlat organlari axborot resurslari bilan uyg‘unlashtirish va ma’lumotlarni muntazam yangilab borish vazifalari belgilangan.

Natijada ro‘yxatga olishda shakllangan katta hajmdagi ma’lumotlar muayyan sanani aks ettiruvchi statistik ma’lumot bo‘lib qolmay, aholi va qishloq xo‘jaligidagi o‘zgarishlarni muntazam kuzatish, hududlar rivojini tahlil qilish va kelgusi ehtiyojlarni aniqroq baholashga xizmat qiladigan doimiy axborot manbaiga aylanadi.

Shu jihatdan 2026-yilgi ro‘yxatga olish nafaqat mamlakat haqidagi ma’lumotlarni yangilagan yirik statistik tadbir, balki keyingi yillarda qaror qabul qilish uchun yangi va zamonaviy ma’lumotlar bazasini shakllantirgan muhim bosqich bo‘ldi.

Tizim va rivojlanish uzviyligi

Jamiyat va iqtisodiyot o‘zgargan sari ularni o‘lchaydigan statistika tizimi ham yangilanishi tabiiy.

Prezidentimizning shu yil 10-sentabrdagi farmoni bilan “Statistikani rivojlantirish — 2030” milliy strategiyasi tasdiqlandi. Strategiya 2026-2030-yillarda rasmiy statistikani modernizatsiyalash, milliy statistika tizimi ishtirokchilari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, ma’lumotlarning sifati, ishonchliligi va ochiqligini oshirish hamda ularning foydalanuvchilar uchun amaliy ahamiyatini kuchaytirishga qaratilgan.

Zamonaviy statistika endi faqat korxona va tashkilotlardan hisobot yig‘ishga tayanmaydi. Ma’muriy ma’lumotlar, raqamli axborot tizimlari, muqobil ma’lumot manbalari, geofazoviy ma’lumotlar va yangi statistik usullar tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.

Buning sababi aniq: bugun iqtisodiyot va jamiyatdagi jarayonlar ancha tez kechmoqda. Qaror qabul qiluvchilarga ham, biznesga ham, olimlar va jamoatchilikka ham ma’lumotning faqat ishonchli bo‘lishi emas, balki o‘z vaqtida, tushunarli va taqqoslash uchun qulay shaklda taqdim etilishi zarur.

SIAT ochiq ma’lumotlar platformasi, statistik jarayonlarni raqamlashtirish, ro‘yxatga olish natijalaridan samarali foydalanish va turli axborot manbalarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan ishlar ana shu o‘zgarishlarning bir qismidir.

Bugun mamlakat rivojlanishining yangi bosqichida statistikaga talab o‘zgarmoqda. Endi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichning o‘zi yetarli emas. Qaysi hududda aholi tez o‘smoqda? Qayerda yangi maktabga ehtiyoj yuqori? Qaysi tumanda ish o‘rinlariga talab ko‘proq? Qaysi sohada mehnat unumdorligi tezroq o‘smoqda? Investitsiyaning qaysi qismi yuqori iqtisodiy natija bermoqda?

Bu savollarga javob qanchalik aniq bo‘lsa, qabul qilinadigan qaror shunchalik manzilli bo‘ladi.

Shu bois, statistikaning bugungi vazifasi faqat natijani qayd etishdan iborat emas. U davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va jamiyatning real ehtiyojlarini aniq ko‘rsatib beradigan axborot infratuzilmasiga aylanib bormoqda.

Mustaqillikning o‘ttiz besh yillik tarixiga raqamlar orqali nazar tashlasak, o‘zgarishlar ko‘lami yaqqol ko‘rinadi: aholi qariyb ikki baravar ko‘paydi, iqtisodiyotning real hajmi bir necha baravar o‘sdi, investitsiya va qurilish imkoniyatlari kengaydi, tashqi savdo miqyosi butunlay yangi darajaga chiqdi, oliy ta’limda talabalar soni 1,5 milliondan oshdi, umr davomiyligi sezilarli uzaydi.

Eng muhimi, bu natijalar endi yangi vazifalar uchun boshlang‘ich nuqta vazifasini o‘taydi. 2030 yil uchun belgilangan maqsadlar mamlakatning keyingi taraqqiyot davriga daxldor. Ularning bajarilishi esa yilma-yil, tarmoqma-tarmoq va hududma-hudud aniq statistik ma’lumotlarda aks etib boradi.

Zero, taraqqiyotning eng ishonchli o‘lchovi — uning inson hayotidagi natijasi. Statistikaning vazifasi esa ana shu natijani xolis, aniq va tushunarli raqamlarda ko‘rsatishdan iborat.

Behzod HAMROYEV,

Milliy statistika qo‘mitasi raisi