Milliy sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish davlatimiz rahbari ilgari surgan muhim tashabbuslardan biri bo‘lib, nomoddiy madaniy merosni asrash, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ommalashtirish sohasidagi asosiy masalalardan sanaladi.
Bolalik davri turli o‘yinlar, bellashuvlar va mutolaa bilan bog‘liq bo‘lib, bu muhit uning qanday inson bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi globallashuv zamonida inson bolaligining qanday muhitda o‘tishi ertangi taqdirimiz qanday bo‘lishida katta ahamiyatga ega. Negaki, ilgari bolalar turli xalq o‘yinlari va didaktik ahamiyatga ega mashg‘ulotlar bilan ulg‘aygan bo‘lsa, axborot texnologiyalari asrida kompyuter grafik o‘yinlarining ijobiy bilan birga salbiy jihatlari ham talaygina.
Prezidentimizning joriy yil 25-maydagi “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi mamlakatimizda xalq o‘yinlari yanada ommalashishi va zamonaviy qiyofa kasb etib, yosh avlod hayotida tarbiyaviy ahamiyati oshishida katta samara beradi.
Xalq o‘yinlari tarixan ming yilliklar bilan yuzlashadi. Ilk xalq o‘yinlari tafsilotlari Mahmud Koshg‘ariy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Pahlavon Mahmud, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo va boshqa mashhur allomayu tarixchilarimiz asarlarida o‘z aksini topgan.
Ma’naviy ulkan ilmiy-amaliy salohiyatga ega xalq o‘yinlarining bugungi kungacha yashab va shakllanib kelishida Mahmud Koshg‘ariyning o‘rni alohida. Qomusiy alloma bundan 1000 yil oldin Turkistondan Termizgacha, Hazar va Orol sohillaridan Oltoy tog‘lari etaklarigacha bo‘lgan hududda yashagan turkiy xalqlarning tarixi, milliy psixologiyasi, jug‘rofiyasi, til xususiyatlari, yozma va og‘zaki adabiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va harbiy mashg‘ulotlari, xalq sayllari va o‘yinlarini teran o‘rganib, “Devonu lug‘atit turk” asarini yozib qoldirdi.
Koshg‘ariyning ushbu devonida turkiy xalqlarning 150 ga yaqin o‘yini tilga olinib, shulardan 20 taga yaqin o‘yin turiga batafsil ta’rif berilgan. Olim kattalar va bolalarning yosh jihatlariga mos bo‘lgan o‘yinlarga alohida to‘xtalib, musobaqa turlarini bayon qiladi. U o‘yinlarni diqqat bilan o‘rganib, ham jismoniy, ham aqliy mashg‘ulotlarga ajratgan. Shundan bilsa bo‘ladiki, hozirgi zamonaviy sport va aqliy sport o‘yinlarining deyarli aksariyati o‘sha davrlardayoq, ya’ni XI asrda ham mavjud bo‘lgan.
Xalq o‘yinlari barcha sport o‘yinlari negizida
Etnograf olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, milliy o‘yinlar soni 3-5 mingtani tashkil etadi. Har bir qishloq, tuman va shaharlarda o‘ynaladigan xalq o‘yinlari bir-biridan tubdan farq qiladi. Yurtimizda uloq-ko‘pkari, ot ustida kurash, belbog‘li kurash, tosh ko‘tarish, xo‘roz urishtirish, besh tosh, qirq tosh, oshiq, dorboz, chillaki kabi o‘yinlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Xalqimiz or-nomusi, g‘ururi bo‘lgan milliy kurashimiz qisqa vaqt ichida katta ahamiyat kasb etgani quvonarli hol.
Aslida o‘zbek xalqi ko‘p asrlar davomida kurash, uloq-ko‘pkari, turon, boyqo‘rg‘on kabi milliy sport turlari asoschilariga aylangan kurashchi-polvonlari hamda afsonaviy chavandozlari bilan mashhur bo‘lgan. Mamlakatimizdagi islohotlar tufayli haqli ravishda O‘zbekistonning madaniy merosi bo‘lgan milliy sportimizni dunyoga namoyish etish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, chavgon o‘yini Markaziy Osiyo xalqlarining juda qadimgi hamda sevimli ot sporti o‘yinlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, chavgon el-yurt mudofaasi uchun zarur jismoniy mashqlardan biri bo‘lgani uchun ham o‘yin g‘olibiga beriladigan sovrin darajasi doimo orttirilib kelingan. Otda poyga chopish, quvlash, tez yo‘rtib turish, toqqa chiqish, pastlikka tushish kabi bahslar bugungacha yashab kelayotgani xalqimiz tabiatidagi qudrat ramzini anglatadi.
Suv havzalarida o‘tkaziladigan musobaqalar ham alohida diqqatga sazovor. Suv mashqlaridan biri bo‘lgan g‘avvoslik juda qadimiy kasblardan biri bo‘lib, Mahmud Koshg‘ariy devonida suv bahslarining ikki turi uchraydi. Birinchisi, suvda cho‘milish, sho‘ng‘ish, suvdan suzib o‘tish, suv kechish, suvda quvlashmachoq bo‘lsa, ikkinchisi, ermak, ko‘ngil ochish mashg‘ulotlari ma’nosidagi o‘yinlardir.
Asarda bolalar o‘yinlarining ba’zilari yo‘l-yo‘lakay sanab o‘tilgan bo‘lsa, ba’zi o‘yinlar batafsil keltirilgan. Oshiq, chillak, to‘p o‘yinlari, cho‘pon bolalar, qizlarning arg‘imchoq o‘yinlari ham birma-bir sanab o‘tilgan.
O‘sha davrdagi ko‘pgina o‘yinlar bolalarning hozirgi davrdagi o‘yinlarini eslatadi. Masalan, “o‘tish-o‘tish” deb atalgan o‘yin “kesak kuydi”, “darra soldi”, “musht ketdi” o‘yinlariga o‘xshab ketadi. Amudaryo va Sirdaryo sohillarida, Orol etaklarida, shuningdek, soylar, anhorlar, hovuz va ko‘llar bo‘ylarida bolalarning “muguz-muguz” nomli qadimiy o‘yini o‘ynalgan.
Alisher Navoiy o‘zining “Mahbub ul-qulub” asarida “oqsuyak” o‘yini ta’rifini beradi. Mahmud Koshg‘ariy devoni XI asrda bitilgan bo‘lsa, Alisher Navoiyning bu asari XV asrda yozilgan. Hozirgi paytda ham bolalar “oqsuyak” o‘yinini xuddi o‘sha qoida asosida o‘ynaydi.
Abu Ali ibn Sino faqatgina mashhur tabib, faylasuf bo‘lib qolmasdan, balki xalq o‘yinlariga doir g‘oyat rang-barang nodir meros qoldirgan allomadir. U xalq o‘yinlari haqida fikr yuritar ekan, ayniqsa, badantarbiyaning kishi uchun naqadar katta ahamiyatga ega ekanini ham nazariy, ham amaliy jihatdan isbotlab berdi.
Ibn Sino milliy kurashimiz (buxorocha va farg‘onacha kurash turi) haqida ham yetarlicha ma’lumot qoldirgan.
Kurashning turlari ham bir nechadir, deydi u. Ulardan biri ikki kurashuvchining har biri o‘z raqibining belbog‘idan ushlab o‘ziga tortadi, shu bilan birga, kurashuvchi o‘z raqibidan qutulishning chorasini qiladi. Ikkinchisi esa uni qo‘yib yubormaslikka urinadi.
Boshqa turi: kurashuvchilardan biri ikkala qo‘li bilan ikkinchisini mahkam quchoqlab o‘ziga tortadi va yerga ag‘daradi, bu vaqtda u qo‘lini birinchi kurashuvchining o‘ng qo‘li ostidan o‘tkazilishi kerak, kurashuvchilar goh gavdalarini tiklab, goh egadi.
Badantarbiyaning birinchi turi “gavda uchun maxsus harakatlar” hisoblanib, ularning har birida muayyan o‘yin unsurlari mavjud. Ya’ni qo‘l va oyoq harakatlari, ko‘krak va nafas a’zolari harakatlari, butun tanaga oid harakatlardir.
Sohibqiron Amir Temur faoliyatida xalq o‘yinlarining ahamiyati
Amir Temur shon-shuhrat qozonishining siri mohir sarkardaligi, odilona, zukkolik bilan ish yuritishi, donishmandligi, shu bilan birga, yoshligidanoq kurash, chavandozlik, nayzabozlik, qalqonbozlik, tiyrandozlik, qilichbozlik hamda ov ilmini mukammal egallaganidandir.
Bu esa uning bolaligidanoq ko‘plab harbiy amaliy tavsifga ega bo‘lgan xalq o‘yinlarini o‘ynaganidan dalolat beradi. Chunki bolalikda o‘ynalgan o‘yinlar uni hayotda janglarga, uzoq safarlarga tayyorlashda o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tagan.
“...Amir Temur 14 yoshga kelib erdi, ...xon so‘rdikim, Turug‘ otliq kimdir” anda birov turib aytdi: “Bu Tarag‘ay Bahodir o‘g‘lidir. Amir Temur xonning nazarida yosh bola ko‘rinib, buyurdikim: “Tarag‘ay Bahodirning o‘g‘li jangga bormasin”.
Anda Amir Temur o‘q-yoy olib, toblab yubordi. Otilib ellik qadam yerga borib tushdi. Mirzo Sayfiddin anda taqlid qilib, ani o‘rniga yuborilmadi. Andin keyin Sohibqiron dasturi Chig‘atoy birla jonga kelib, tizzasin bukib, xonga ta’zim qildi. Aytdi: “Iltimos qilib sizdin xohlayurmen, davlat humoyuningizda ushbu qo‘shin men birla talosh qilsalar. Anda uch kun talosh qildilar. Barchalari aqalli aning qo‘lidan yarog‘in tortib ololmadilar. Bu jur’atni Sohibqirondan ko‘ra ba’zilari esxurun zo‘r qildilar, kuchlari yetmadi, tortib ololmadilar”.
Amir Temur shiddatkor nayzaboz bo‘lgani haqida “Temurnoma”da bunday yozilgan: “Fil hol Qilich Arslon aslaha-yarog‘larini, nayzasini qo‘liga olib, Amir ham musallig‘ bo‘lib, otlarga minib, ikki tarafdin shovqin solib, birdan nayzabozlik qilib, Amirga nayza soldi. Amir chap berdi, nayza solib erdi, orqasidin yana soldi... hozir bo‘l, deb Amir otin yoliga yopushdi. Nayza borib toshga tegib, ikki qarich botti, yana tortib olib nayza soldi. Amir nayzani o‘tkazib, qilich soldi...”.
Sharofiddin Ali Yazdiyning qayd etishicha, Amir Temurning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri davlat, mamlakat va fuqaroga g‘amxo‘rlik edi. Uning qoidasi “rosti-rusti” edi. Haqiqat - sihat-salomatlik, haqiqat - tartib, haqiqat - adolat demakdir, deb tushuntirar edi. U insonparvarlik va mardlikni Alloh ham, xalq ham ulug‘laydi, degan gapni ko‘p takrorlagan.
Sharq allomalari, ma’naviy xazinamiz egalari bo‘lmish zukko shaxslar milliy sport o‘yinlarining yosh avlod tarbiyasida benihoya katta ahamiyati va ijtimoiy-psixologik ta’sirini o‘z ilmiy asarlarida qayta-qayta uqtirib o‘tgan.
Xalq o‘yinlariga yondashuvning yangi bosqichi
Prezidentimizning “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi hamda uni 2022-2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra, 2023 yil 1 martdan har yili etnosport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi belgilangan.
Jumladan, 2023 yildan an’anaviy tarzda Toshkent shahrida har yili bir marotaba etnosport turlari bo‘yicha Uzbekistan Ethno Games respublika festivali va Xiva shahrida har ikki yilda bir marotaba Xalqaro etnosport festivali tashkil qilinishi ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, hujjatda 2022-2023 o‘quv yilidan respublika estrada-sirk kollejida polvonlik va dorbozlik san’ati yo‘nalishida o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlash, har ikki yilda bir marotaba polvonlar va dorbozlar ishtirokida “Polvonlar sulolasi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazish belgilab berilgan.
YUNЕSKOdan nomoddiy-madaniy meros maqomi olinishi mumkin bo‘lgan etnosport turlari ro‘yxati shakllantirilishi milliy xalq o‘yinlari qaytadan jonlanishiga turtki bo‘ladi. 2023 yil birinchi yanvargacha har bir hududda ot sporti turlariga tegishli anjomlar savdosini yo‘lga qo‘yish maqsadida do‘konlar tashkil etiladi, bu esa sport bilan birga turizm tijorati rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mazkur qaror bugungi kunda xalq orasida norasmiy, ammo mashhur ko‘pkari kabi o‘yinlari asta-sekin ilmiy ahamiyat kasb etishi va nafaqat yoshlar hayotida, balki harbiy sohalarda ham yigitlarning nihoyatda chiniqishiga zamin bo‘ladi.
Hujjatga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashi tomonidan ommaviy sport musobaqalari tashkil qilinadigan etnosport turlari ro‘yxati tasdiqlanadi. Alohida etnosport turlarini rivojlantirish maqsadida sport federatsiya (uyushma)lari tashkil etilishi mumkinligi belgilangan.
2023 yilgi va kelgusi yillardagi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining hududiy kalendar rejalariga asosan, joylarda etnosport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish uchun zarur mablag‘ ajratilishi esa sportni yanada ommalashishiga xizmat qiladi.
2023 yildan boshlab Navro‘z umumxalq bayramini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar doirasida milliy sport turlari va xalq o‘yinlari bo‘yicha musobaqalar, “ustoz-shogird” an’anasi asosida polvonlik va dorbozlik san’ati to‘garaklari tashkil etiladi.
Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi, shubhasiz, sport turizmini rivojlantirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlarini jahon miqyosida targ‘ib qilish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga yordam beradi.
An’anaviy musobaqalar qatorida “Milliy xalq o‘yinlari – milliy g‘urur” shiori ostida milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini targ‘ib qilish hamda yanada ommalashtirish bo‘yicha polvonlar va faxriy ustozlar ishtirokida turkum ko‘rsatuvlar tashkil etilishi quvonarli.
Qaror milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini (etnosport) targ‘ib qilish va ommalashtirish, bolalar va o‘smirlarni ularga keng jalb qilish, xalqaro aloqalarni kuchaytirish maqsadlarini o‘zida mujassam qilgani bilan muhim, aytish mumkinki, tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bu o‘yinlarni mutaxassislar multfilm va kompyuter grafikasi o‘yinlariga ko‘chirib, keng ko‘lamda tijoratlashtirsa, virtual olamda bolalar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Kelajak avlodni turli yot kompyuter o‘yinlari avj olgan bir sharoitda himoya qilib, aqliy va psixologik jihatdan biz o‘ylagandan-da komil, ma’nan sog‘lom avlod etib voyaga yetkazishimizga sabab bo‘ladi.
Xalq o‘yinlarining mohiyatida jamoani birlashtirish, himoya qilish, sog‘lom avlod tarbiyasi va aqliy qobiliyatni rivojlantirish maqsadlari mujassamligini ko‘ramiz. Shuning uchun inson jismonan sog‘lom, qat’iyatli, sabr-matonatli, hozirjavob va ma’naviy yetuk bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladigan etnosport turlarini rivojlantirish juda muhimdir.
Binobarin, bunday turkum sport o‘yinlarini davlat siyosatining ustuvor masalasi sifatida yoshlar hayotida keng ko‘lamda targ‘ib etish ularda vatanparvarlik hissini uyg‘otish, sog‘lom turmush tarzini ommlashtirishga zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Oybek NORINBOYEV,
O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi raisi








