Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi “Taraqqiyot bloki”ni tashkil etish yuzasidan bitim imzoladi.
“Taraqqiyot bloki” 93 nafar deputatni birlashtirib, parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etadi va yetakchi siyosiy kuchga aylanadi.
Mazkur blokni tuzishdan asosiy maqsad – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari saʼyi-harakatlarini birlashtirish orqali partiyalarning dasturiy maqsad hamda vazifalarini samarali amalga oshirishga erishishdan iborat.
Partiyalarning parlamentda yagona kuch sifatida birlashishiga dasturiy maqsadlar, siyosiy mafkura va yoʻnalishlar mushtarakligi va gʻoyaviy uygʻunligi, shuningdek, koʻp yillik faoliyat davomida toʻplangan amaliy tajriba asos boʻlib xizmat qiladi.
Ikkala partiya dasturiy qarashlar, maqsad va vazifalar jihatidan oʻzaro yaqindir. Siyosiy maydonda har ikki partiya gʻoyaviy jihatdan oʻng qanotda joylashgan boʻlib, OʻzLiDeP oʻng-markaz, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi esa oʻng partiya hisoblanadi.
“Taraqqiyot bloki” barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash, milliy manfaatlarni qatʼiy himoya qilish, koʻp asrlik milliy-tarixiy tajribaga tayanib faoliyat yuritishni muhim deb hisoblaydi. Oʻzbekiston ravnaqini fraksiyalarni birlashtiruvchi asosiy omil deb biladi.
Partiyalar oʻrtasidagi hamkorlik samaralari bugungi kunda yaqqol namoyon boʻlmoqda. Birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida mamlakatda muhim islohotlar amalga oshirildi.
Partiyalarning jamiyat va davlat uchun dolzarb masalalarni hal etishdagi hamkorlik tajribasi ushbu amaliyotni parlament faoliyatiga tatbiq etish imkonini beradi.
Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish, milliy manfaatlarni roʻyobga chiqarish va yurt taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilish jarayonlarida ikkala partiya yagona kuch sifatida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
“Taraqqiyot bloki”ning ustuvor faoliyat yoʻnalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
- milliy iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va eksport salohiyatini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga oʻtkazish;
- har bir fuqaroning xususiy mulk huquqi daxlsizligini taʼminlash, fuqarolarning iqtisodiy faoliyat erkinligini ragʻbatlantirish orqali aholi turmush darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
- soʻz erkinligiga qarshi har qanday urinishlarga qarshi turish va mustaqil nodavlat matbuot tizimini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda erkinlik va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish;
- taʼlim sifatini oshirish va inson salohiyatini rivojlantirish, nodavlat taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish;
- sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiy sugʻurtani joriy qilish, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish;
- soliq maʼmurchiligi tizimini soddalashtirish, barcha tadbirkorlar uchun soliqni toʻlash borasida adolatli va teng sharoitlar yaratish, soliq stavkalarining oʻzgarmasligini taʼminlovchi siyosat yuritish;
- davlat byudjeti xarajatlarini qisqartirish, raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish, davlat xizmatlarini koʻrsatishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;
- fuqarolarga shaxsiy tanlov imkonini beruvchi xususiy jamgʻarma pensiya tizimini yaratish, raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan zamonaviy, shaffof pensiya tizimiga oʻtish;
- mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatlash.
Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari ushbu blok orqali umumiy manfaatlarga erishish yoʻlida hamkorlikni yanada samarali yoʻlga qoʻyadi.
Mazkur tashabbus milliy manfaatlarga xizmat qilib, mamlakatni yanada rivojlangan, qudratli, adolatli va zamonaviy davlatga aylantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻladi.
Partiyalar elektorat ishonchi va qoʻllab-quvvatlashini oqlash uchun oʻz faoliyatini samarali davom ettiradi.









