Keyingi yillarda mamlakatimiz yoshlari uchun misli koʻrilmagan imtiyozlar, imkoniyatlar yaratilyapti. Sanʼat sohasida yutuqlarga erishishda ham bu oʻz samarasini bermoqda. Ayniqsa, dunyoga dongʻi ketgan milliy maqom sanʼatimiz ustalarining munosib izdoshlarini tarbiyalash masʼuliyati bu boradagi ezgu ishlarni yanada jonlantirdi.
Ana shunday xayrli saʼy-harakatlar mahallalarda yoshlar yetakchilarining faoliyatida ham namoyon boʻlayotir. Ular oʻzlariga biriktirilgan mahallalarda sogʻlom turmush tarzi va sportni ommalashtirish barobarida madaniyat va sanʼatni ham keng targʻib qilayotgani sanʼatimizning joylardagi umidli vakillarini kashf etishda ayni muddaodir. Zero, “Sanʼat gʻunchalari” koʻrik-tanlovi, maqom, baxshichilik va estrada boʻyicha “Yoshlar ovozi”, “Yosh musavvirlar” tanlovlari hamda “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivali kabi tadbirlarning yoshlar hayotidagi ahamiyati beqiyos.
Endi har ikki yilda bir marta yosh maqom ijrochilarining respublika koʻrik-tanlovi oʻtkaziladi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarning mumtoz sanʼatimizga muhabbatini oshirish, musiqaning ushbu murakkab yoʻnalishi boʻyicha ijod qilayotgan oʻgʻil-qizlarning faoliyatini oʻrganish, tahlil etish, isteʼdod sohiblarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishdan iborat.
Maqom sanʼatiga umid bilan kirib kelgan yoshlar vakili sifatida shuni aytmoqchimanki, faoliyatimizning avj pallasi bu maqomga eʼtibor yuksalgan paytlarga toʻgʻri keldi. Bu haqda ustozlarimiz ham koʻp gapiradi. Toshkent shahridagi “Yosh maqomchilar” ansambliga rahbarlik qilib kelayotganimga koʻp boʻlmadi. Qisqa vaqtda iqtidorli, isteʼdodli yosh sanʼatkorlardan tarkib topgan jamoamiz bilan qator natijalarga erishdik, yutuqlarni qoʻlga kiritdik. Bularning barchasi yurtimizda sanʼatga, yoshlarga berilayotgan yuksak eʼtibor tufaylidir.
Bejiz davlatimiz rahbari maqomni, baxshichilikni mukammal oʻrgatish uchun alohida oʻquv muassasalari tashkil etmadi. Zero, maqom sanʼatimizda milliyligimiz, qadriyatlarimiz yasharkan, ular hech qachon eʼtibordan chetda qolmaydi.
“Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanishim menga ichki bir kuch bagʻishlab, yangi-yangi gʻoyalarga intilish, xususan, maqomchilik sanʼatini yanada rivojlantirish, unga jilo berishda fidoyilik hissini kuchaytirdi. Prezidentimizning yoshlar bilan bugungi samimiy muloqotidan soʻng ana shu gʻoyalarni amalga oshirishga tezroq kirishishim kerakligini his qildim.
Bundan toʻrt yil avval davlatimiz rahbari Shahrisabzdagi xalqaro maqom sanʼati anjumanining ochilish marosimida “Agar biz asl, haqiqiy sanʼatni bilmoqchi, oʻrganmoqchi boʻlsak, avvalo mumtoz maqom sanʼatini bilishimiz, oʻrganishimiz kerak. Agar biz sanʼatni, madaniyatni koʻtarmoqchi boʻlsak, avvalo mumtoz maqom sanʼatini koʻtarishimiz kerak. Maqom ohanglari, maqom ruhi va falsafasi har bir inson qalbidan, avvalo, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur”, degan edi.
Yaqin kelajakda bundan-da yuqori salohiyati bilan butun dunyoga oʻzbek maqomchilik sanʼatining oʻziga xosligini namoyon etamiz.
Islom UMRZOQOV,
Toshkent shahridagi “Yosh maqomchilar”
ansambli badiiy rahbari,
“Kelajak bunyodkori” medali sohibi.