2024-yil 30-yanvar kuni jinoyat ishlari bo'yicha Mingbuloq tuman sudining raisi Sh. S. o'zining ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan ayblangan sudlanuvchi O. S.ga yengilroq jazo tayinlash evaziga, sudlanuvchining otasi V. S.dan 2 000 AQSh dollari olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.
Oliy sud Plenumining bugun o'tkazilgan majlisida Bosh prokurorning jinoyat ishlari bo'yicha Mingbuloq tuman sudining raisi Sh. S.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoiy javobgarlikka tortish va unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo'llash haqidagi taqdimnomasi ko'rib chiqilib, rozilik berildi.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, Oliy sud tomonidan sud organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, tizimni nopok kadrlardan tozalash borasida barcha zarur sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Bunda eng avvalo, sudya va xodimlar o'rtasida nojo'ya va nomunosib xatti-harakatlarning oldini olish, shu bilan birga korrupsiyaga yo'l qo'ygan sudya va xodimlarni aniqlash hamda ularga nisbatan qat'iy choralar ko'rishga e'tibor qaratilmoqda.