Mingbuloqda bir yoʻla 9 nafar aliment toʻlamaganlarga maʼmuriy choralar koʻrildi

    Voqea-hodisalar 23 Noyabr 2020 1394

    Majburiy ijro byurosi Mingbuloq tuman boʻlimi va tuman maʼmuriy sudi hamkorligida boʻlib oʻtgan sud jarayonida oʻz farzandlari uchun aliment mablagʻlarini oʻz vaqtida toʻlashdan qasddan boʻyin tovlayotgan 9 nafar fuqaroning ish atroflicha koʻrib chiqildi.

    Fuqaro O.Ya tumanning Gurtepa mahallasida istiqomat qiladi. Turmush oʻrtogʻi A.J bilan 2016-yilda ajrab ketgan va sudning qarori bilan 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun har oyda ish haqi hamda topgan daromadidan 1/3 miqdorida aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning tuman boʻlimi ish yurituviga olingan va ijro harakatlari olib borilgan. Biroq, olib borilgan ijro harakatlari, tushuntirishlarga qaramay qarzdor ota voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment mablagʻni qasddan toʻlamay keladi. Kun va oylar oʻtib qarzdorlik salkam 20 mln. soʻmga borib yetadi. Byuroning tuman boʻlimi tomonidan fuqaro O.Ya doirasidagi ijro ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun tuman maʼmuriy sudga yuborildi. Boʻlib oʻtgan sud davomida har ikki tomonlarning fikrlari eshitilib, yakuniy qaror qabul qilindi. Unga nisbatan 15 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

    Yana bir fuqaro Ch.M ham belgilangan majburiyatga panja orasidan qaragan masʼuliyatsizlik otalardan boʻlib chiqdi. Boʻlmasa, u fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudining 2019-yildagi qarori bilan belgilangan undiruvchi N.E foydasiga 2 nafar farzandi taʼminotini oʻz vaqtida berib kelar edi. Davlat ijrochisining tushuntirishlari, ogohlantirishiga qaramay 2 oydan ortiq muddatda aliment toʻlamay keladi. Boʻlib oʻtgan sudda unga nisbatan ham hukm chiqarilib, 15 sutkalik maʼmuriy qamoq chorasi qoʻllanildi.

    Umuman olganda, oʻtkazilgan sud jarayonlari bilan boʻlim ish yurituviga olingan va farzandlari uchun aliment toʻlamay kelayotgan 9 nafar qarzdor otalarga jazo choralari qoʻllanildi.

    Aʼzamjon Dehqonov,

    MIB Mingbuloq tuman boʻlimi boshligʻi v.b