Namangan viloyati, Mingbuloq tumanida aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat ko'lami yildan-yilga yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Tinimsiz sa'y-harakatlar samarasi o'laroq, tuman tibbiyot birlashmasi tarixida yangi sahifa ochildi. Mamlakatimizning taniqli olim shifokorlari bilan birgalikda yangi turdagi yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti ko'ngildagidek o'tkazildi.
Gigant paxta punktida uzoq yillar samarali mehnat qilib, nafaqaga chiqqan Nazlifa Bektemirova pandemiya davrida o'ziga koronavirusni yuqtirgandi. Og'ir xastalik asoratlari boshqa kasalliklarda o'zini namoyon eta boshladi. Oxirgi yillarda tayanch harakat a'zolarida kuzatilayotgan muammo sekin-asta kattalashib, uni qiyin ahvolga solib qo'ydi.
Kuzda poytaxtimizdagi Respublika nogironligi bo'lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida total endoprotezlash jarrohlik amaliyotidan so'ng o'ng oyog'ida dard arigandek bo'ldi. Ammo keyinroq chap oyog'iga ham qattiq og'riq kirdi. Opaning tuman tibbiyot birlashmasiga murojaati tezkor ravishda ijobiy yechim topdi. TTB boshlig'i Obidjon Qo'ldoshevning tashabbusi bilan Toshkentda olib borilgan jarrohlik amaliyotining davomi Jomasho'yda bajariladigan bo'ldi.
Respublika nogironligi bo'lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi protezlash bo'limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, mohir ortoped-travmatolog Umarali Xanapiyayev shogirdi Ikromiddin Bozorov bilan Mingbuloqqa keldi. Tajribali shifokorlar bemor holatini chuqur o'rganib, Nazlifa opaning chap oyog'ida ham darhol endoprotezlash amaliyotini o'tkazish zarur, degan fikrda to'xtashdi.
Tibbiyot fanlari doktori rahbarligida nozik va murakkab jarrohlik jarayonini kuzatdik. Umarali Barotovichga tuman tibbiyot birlashmasi rejali jarrohlik bo'limi mudiri Azimjon Rahimov, shoshilinch tibbiy yordam bo'limi mudiri Muxtorjon Tojiboyev va anesteziolog Mahmudjon Qodirovlar yordamlashib turishdi va amaliyotchi olimdan “mahorat sabog'i”ni o'zlashtirishdi.
- Onam koronavirus pandemiyasi paytida azob chekkanlar. O'shanda oq xalatli fidoyilarning beminnat xizmatlari tufayli hayoti saqlab qolindi. Bugun yana davolanish uchun shifoxonadalar. Davlatimiz tomonidan yaratilgan beqiyos imkoniyatlar bois, jonkuyar xaloskorlarning chin ko'magi bilan salomatliklarini qayta tiklash uchun jarrohlik amaliyoti o'tkazildi. Hozir yurtimizda keng quloch yozgan “Inson qadri uchun!” tamoyili asosidagi xayrli yumushlarning amaldagi isbotiga oilamiz misolida, shaxsan guvohiga aylandik. Qo'li yengil madadkorlarga ming rahmat, barchangizdan bir umr minnatdormiz va duodamiz, - deydi onaxonning qizi Shahnoza Bektemirova.
66 yoshli ayolning chap chanoq son bo'g'imida O'zbekistonning nomdor doktorlari va mahalliy shifokorlar hamkorligida total endoprotezlash yuqori texnologik jarrohlik vazifasi muvaffaqiyatli uddalandi va ijrosi sifatli yakunlandi. Endi Nazlifa ayaning tez orada sog'ayib, shahdam qadam tashlashiga shubha yo'q.
Abdulla G'OZIYEV,
jurnalist
Mazkur maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 2023-yil 10-iyun, 114-sonida “Inson qadri uchun” rukni ostida chop etildi.