Mintaqada yagona mehnat bozorini shakllantirish va migratsiya siyosatini takomillashtirish yoʻlida

    Joriy yil 2-oktyabrda Toshkentda, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida “MDH yagona mehnat bozorini shakllantirish doirasida migratsiya siyosatini takomillashtirish” mavzusida Oʻzbekiston-Rossiya davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbir Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari boʻyicha kengash raisi Valeriy Fadeyev boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.

    Davra suhbati Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Migratsiya agentligi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari boʻyicha kengash hamda “Peterburg muloqoti” forumi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Yangi Oʻzbekistonda mehnat huquqlarini himoya qilish inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor masalalaridan biri ekanini taʼkidladi. Binobarin, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi makonida adolatli va huquqiy himoyalangan mehnat bozorini shakllantirish – xalqlarimiz oʻrtasida oʻzaro ishonchni yanada mustahkamlash, ijtimoiy tahdidlarni imkon qadar kamaytirish yoʻlidagi muhim qadamdir.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida butun dunyoda tobora oʻtkir tus olayotgan iqlim oʻzgarishi muammolariga alohida toʻxtalar ekan, ekologik oʻzgarishlarning yana bir salbiy koʻrinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganiga xalqaro hamjamiyat eʼtiborini qaratgani bejiz emas. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “Afsuski, ushbu yoʻnalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmagan. Biz bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish boʻyicha Global pakt qabul qilish tarafdorimiz”.

    A.Saidov Oʻzbekiston-Rossiya huquqni himoya qilish tuzilmalari va tegishli davlat idoralari oʻrtasidagi hamkorlik doirasida mintaqamizda yagona mehnat makonini barpo etish masalasining muhokama qilinishi ramziy maʼnoga egaligiga eʼtiborni qaratdi.

    Oʻz navbatida, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari boʻyicha kengash raisi Valeriy Fadeyev taʼkidlaganidek, bugungi kunda Rossiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik har tomonlama izchil rivojlanmoqda. Birgina iqtisodiy aloqalar natijalariga qaraganda, oʻzaro tovarlar aylanmasi 10 milliard dollardan ortiqni tashkil etmoqda. Bu keyingi olti yilda ayni koʻrsatkich 2 barobardan ziyod oʻsganini anglatadi.

    V. Fadeyevning fikricha, migratsiya sohasida bir qancha muammolar toʻplanib qolgan va ularga koʻz yummasdan, tegishli maqbul yechimlarni topib, ijobiy hal qilish hamda ayni yoʻnalishda ilgari odimlash lozim. Shu maʼnoda, davra suhbati xulosalari va tavsiyalarini ishlab chiqish hamda shu asosda yakuniy hujjat tayyorlash kerak boʻladi. Maromiga yetkazilgan yakuniy hujjat har ikki davlatning ijro hokimiyati organlariga, qonunchilik hokimiyati idoralari – parlamentlarga yuborilsa, boshqaruv idoralari tomonidan ayni muammolarni hal etish boʻyicha amaliy qadamlar qoʻyilishiga muhim turtki boʻladi.

    Davra suhbatida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Olimjon Abdullayev, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi Aleksey Yerxov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev soʻzga chiqdi. Har ikki mamlakatning soha boʻyicha mutaxassislari va ekspertlarning fikrlari ham tinglandi.

    Muhokamalarda migratsiya siyosatini takomillashtirishga har ikki tomonda, yaʼni qabul qiluvchida ham, yoʻnaltiruvchida ham doimo ehtiyoj mavjudligi eʼtirof etildi.

    Davra suhbati yakunida MDH makonida yagona mehnat bozorini shakllantirish – faqat huquqiy yoki iqtisodiy masala emasligiga alohida urgʻu berildi.

    Davra suhbatida Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati aʼzolari, tegishli vazirliklar va davlat tashkilotlari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, ilmiy-oʻquv muassasalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Vladivostok, Yekaterenburg, Novosibirsk, Rostov-Don shaharlarida joylashgan mamlakatimiz Konsullik muassasalari bosh konsullari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Migratsiya agentligining Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Yekaterenburg, Samara, Kasnodar va Blagoveshensk shaharlaridagi vakolatxonalari rahbarlari hamda mintaqaviy vakillari onlayn qatnashdi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazi matbuot xizmati.