“Miranda qoidasi”: uni konstitutsiyaga kiritish zarurmi?

    Fikr 20 Iyun 2022 3876

    Yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori, dotsent Farhod PRIMOV Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Miranda qoidasi” hamda “Xabeas korpus” institutini Konstitutsiyaga kiritish boʻyicha taklifini izohladi.

    — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda bir qator muhim takliflarni ilgari surdi, — deydi Farhod PRIMOV. — Jumladan, “Miranda qoidasi”ni Konstitutsiyaga kiritish, yaʼni shaxsni ushlash chogʻida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shartligi toʻgʻrisidagi taklifning bildirilgani alohida eʼtiborga molikdir.

    “Miranda qoidasi” dastlab AQSH milliy qonunchiligi va amaliyotida paydo boʻlgan boʻlsa-da, bugun xalqaro huquqning eng asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi. Unga koʻra, hibsga olingan shaxs, hisbga olinish jarayonida hamda soʻroq qilinishidan oldin gumonlanuvchi sifatidagi huquqlari quyidagi mazmunda tushuntiriladi. Yaʼni: “Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Siz bergan koʻrsatmalarning barchasidan sudda oʻzingizga qarshi foydalanilishi mumkin. Soʻroq jarayonida advokatingiz qatnashishi mumkin. Agar advokat xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmasangiz, siz davlat tomonidan advokat bilan taʼminlanasiz. Huquqlaringizni tushundingizmi?”.

    Bu tartib-tamoyilning asosiy maqsadi hibsga olingan shaxs jinoyat ishi hamda ayblovning mohiyati bilan tanishmasdan turib, oʻziga qarshi guvohlik berishining oldini olish hisoblanadi.

    Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, “Miranda qoidasi” talablari Jinoyat-protsessual kodeksining bir nechta moddasida oʻz ifodasini topgan. Xususan, Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasiga muvofiq, sukut saqlash huquqi belgilangan. Unga koʻra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas. Boshqacha aytganda, milliy qonunchiligimizda sukut saqlash yoki hech qanday koʻrsatma bermaslik huquqi aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga asoslangan.

    Sukut saqlash huquqi, yaʼni oʻziga nisbatan qoʻyilgan gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari toʻgʻrisida koʻrsatmalar berishdan bosh tortish huquqi Jinoyat-protsessual kodeksining 48-moddasida qatʼiy kafolatlangan. Ushbu modda talabiga koʻra, gumon qilinuvchi zimmasiga koʻrsatma berish, shuningdek, oʻzining jinoyatga aloqador emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas.

    Jinoyat-protsessual kodeksining 46-moddasiga asosan, shaxs oʻzining koʻrsatmalaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor boʻlishi va nimada ayblanayotganini bilish huquqiga egadir. Shuningdek, ushbu moddada shaxsga oʻzining aybdor emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emasligi kafolatlangan.

    Bundan tashqari, ushbu kodeksning 46- va 48-moddalariga koʻra, shaxs, yaʼni ayblanuvchi yoki gumondor oʻziga qoʻyilgan ayblov yo gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish yoxud koʻrsatmalar berishdan bosh tortishga haqlidir. Shuningdek, u koʻrsatmalaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor boʻlish huquqiga ega.

    Jinoyat-protsessual kodeksining 48-moddasiga muvofiq, shaxs qamoqqa olinganligi va turgan joyi toʻgʻrisida advokatga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish yoxud xabar berish, shuningdek, himoyachiga ega boʻlish huquqiga ega.

    Milliy qonunchiligimiz talabiga asosan, agar ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb eʼtirof etilgan shaxsning advokat yollashga imkoniyati boʻlmasa, u davlat tomonidan advokat tayinlanishi huquqidan foydalanadi.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Miranda qoidasi” Oʻzbekistonning amaldagi jinoyat-protsessual qonunchiligida toʻlaligicha aks etgan degan xulosaga kelish mumkin. Ammo “Miranda qoidasi” Jinoyat-protsessual kodeksida “sochib tashlangan”, yaʼni tarqoq belgilangan, aslida bu qoida yaxlit tushunilsagina, amalda samarali qoʻllanishi mumkin. Shu bilan birga, “Miranda qoidasi” Konstitutsiya darajasidi belgilanishi lozim boʻlgan inson huquqlariga oid eng asosiy qoida hisoblanadi. Boshqacha aytganda, “Miranda qoidasi”ni Jinoyat-protsessual kodeksida belgilab qoʻyishning oʻzi kamlik qiladi. Bu qoida Asosiy qonunda ifodalanishi kerak va qolaversa, Konstitutsiya xalqqa eng yaxshi tanish va tushunarli hujjat hisoblanadi. Shunday ekan, fuqarolar “Miranda qoidasi” boʻyicha huquqlarini Jinoyat-protsessual kodeksi orqali emas, birinchi galda, Konstitutsiya orqali bilib olishlari muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, “Miranda qoidasi”ning Konstitutsiyamizda ifodalanishi ushbu tamoyilni toʻla-toʻkis qoʻllanishi uchun zarur huquqiy kafolatlar yaratadi.