“Mironshox komfort servis” MCHJ muqobil sanitar tozalash korxonasi birinchilar qatorida maishiy chiqindilarni saralash ishlarini boshlab yubordi.
Avvalroq, “Toshkent shahrida maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilinganligi haqida xabar berilgan edi.
Hujjatga koʻra, Toshkent shahrida mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida chiqindilarni “qayta ishlanadigan” va “qayta ishlanmaydigan” toifalarga ajratgan holda yigʻish rejalashtirilgan.
Toshkent shahrining Mirobod tumanida faoliyat yuritayotgan “Mironshox komfort servis” MCHJ Prezident qarori ijrosini birinchilar qatorida taʼminlay boshlagani barchamiz uchun quvonarli hol. Chiqindilarni saralangan holda toʻplash maqsadida, korxona oʻz tasarrufidagi chiqindilarni yigʻish shoxobchalariga qogʻoz va plastik, oziq-ovqat qoldiqlari, barglar, oʻtlar, oyoq kiyimlari, salfetkalar, pamperslar uchun alohida qutilarni oʻrnata boshladi. Endi mahalla aholisida chiqindilarni saralab toʻplash va ularni maxsus qutilarga olib borib tashlash imkoniyati paydo boʻldi.
– Toshkentda toʻplanadigan chiqindilar kundan kunga ortib bormoqda va prognozlarga koʻra, 15 yildan keyin uning hajmi ikki barobar oshadi, – deydi “Mironshox komfort servis” MCHJ muqobil sanitar tozalash korxonasi rahbari Tolibjon Nurboyev. – Ushbu vaziyatdagi yagona yechim esa, chiqindilarni qayta ishlash boʻlib, buning uchun uni saralash lozim.
Toshkent shahrida ekologik xavfsizlikni taʼminlash va atrof-muhitni muhofaza qilishni tubdan takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sogʻligʻiga zararli taʼsirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida, maishiy chiqindilarni yigʻish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va koʻmish tizimini yanada takomillashtirish dolzarb masala ekanligini unutmaslik lozim.
Joriy yilda chiqinidilarni saralagan holda toʻplash Toshkent shahrining har bir tumanidagi ikkita – jami 24 ta mahallada joriy etilishi koʻzda tutilganini yana bir bor eslatib oʻtamiz.