Buning uchun esa birinchi navbatda kasallikka chidamli, unuvchanligi kafolatlagan hamda serhosil navlarni tanlab olish tavsiya etiladi. Shu nuqtayi nazardan 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarorida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi zimmasiga meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish, ularni saqlash, saralash, qayta ishlash va eksportini tashkil etishga koʻmaklashish vazifasi yuklatilgan.
Ayni vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi hamda Mirzaobod issiqxona kompleksi hamkorligida pilot loyiha amalga oshirilmoqda. Yaʼni, mazkur issiqxonada 100 million dona sara va sifati kafolatlangan sabzovot va poliz ekinlari, jumladan bulgʻor qalampiri, pomidor, baqlajon, karam hamda tarvuz, qovun koʻchatlari yetishtirilyapti. Ularni klaster va fermer xoʻjaliklariga, aholi tomorqalariga yetkazib berish rejalashtirgan.
Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklarni rivojlantirish agentligi boʻlim boshligʻi Dilshod Ostonovning qayd etishicha, loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad – koʻchat yetishtirishdagi aʼnanaviy usuldan intensiv usulga oʻtish va bu orqali ichki va tashqi bozorga har yilgidan erta mahsulot yetkazib berish.
Ayni paytda bu yerda jarayonlar qizgʻin kechmoqda. Soha mutaxassislari xorijdan keltirilgan, aynan bizning iqlim sharoitiga mos sifatli urugʻlar asosida kasallikka chidamli sabzovot koʻchatlari parvarish qilinmoqda.
Jarayonlarning asosiy qismi Italiyadan keltirilgan maxsus moslama yordamida amalga oshiriladi, deydi issiqxona rahbari Toʻlqin Norqulov. Uning aytishicha, bir kunda 2 million dona sabzovot va poliz ekinlarining urugʻlari maxsus kasetlarga oʻtqaziladi. Ushbu texnikaning oʻziga xosligi shundaki, u koʻchatlar oʻstiriladigan maxsus kasetlarga avval oʻgʻitni joylashtiradi. Soʻng urugʻlar ekiladi.Shundan keyingina sugʻorish ishlari bajariladi. Bu jarayonlarning barchasi bir vaqtning oʻzida paralel ravishda amalga oshiriladi.
Mirzaobod issiqxona kompleksi agronomi Shodiyor Husanov esa bu jarayondagi yana bir muhim jihatni eʼtirof etdi. Yaʼni, mazkur pilot loyiha doirasida koʻchat namunalari maxsus labaratoriyalarda ilmiy tekshirishlardan oʻtkaziladi. Bu yerda issiqlik, namlik, yorugʻlik va albatta har bir xodim gigiyenaga qatʼyi amal qilishi masalasi doimiy nazoratda. Koʻchatlar fermerlarga aprel oyidan yetkazila boshlaydi.
Taʼkidlash oʻrinli, barcha saʼy-harakatlar klaster va fermer xoʻjaliklariga, aholi tomorqalariga sara va sifatli kafolatlangan sabzovot va poliz ekinlarini yetkazishga qaratilgan. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qanchalik sifatli va erta tayyorlansa, tabiiyki, eksport hajmi oshadi. Bu bevosita bobo-dehqonlarning daromadi bir necha barobarga koʻpayishiga, aholi turmush darajasi oshishiga xizmat qiladi.