Bugun, 2023-yilning 19-may kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumani Mehnat mahalla fuqarolar yigʻini 5-umumtaʼlim maktabida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir va tarjimon Mirzo Kenjabek nomidagi kutubxona ochildi. Tadbirda Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid qatnashdi.
— Mirzo Kenjabek oʻzbek adabiyotida oʻz oʻrni va ovoziga ega boʻlgan zabardast shoir, — deydi Joʻraqul Tursunov. — Kutubxonasining ochilishiga bagʻishlangan tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Mirzo Kenjabekning oʻzbek adabiyotida tutgan oʻrni va solohiyati haqida soʻz yuritdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, yosh shoirlar, turli kasb egalari qatnashdi. Shuningdek, tuman hokimligi tomonidan qiziqarli uchrashuvlar tashkil etildi. Mehmonlar tuman markazida ishga tushirilgan kitoblar markazini borib koʻrdi.
Bu tadbirda maʼrifat ulashildi, — deydi Sirojiddin Mamajonov. — Mirzo Kenjabekning osmon va yerning buyukligi haqida aytgan gaplari, Sirojiddin Sayyidga atalgan sheʼri betakror shoirning naqadar ulugʻ inson ekanini koʻrsatib berdi. Maʼrifatli, ilmli insonlarning davrasi doim shunday fayzli boʻladi. Ustozlarga rahmat.
Ustoz ijodkor Mirzo Kenjabek kutubxonasi maktabning barcha oʻquvchi va ustozlariga muborak boʻlsin, deb qolamiz.