21-may kuni poytaxtdagi Toshkent shahar yoshlar markazida oʻtkazilgan “Mirzo Ulugʻbek vorislari” Respublika tanlovining final bosqichi gʻoliblari taqdirlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur tanlov natijalariga eʼtiroz bildirilgan video lavhalar eʼlon qilindi.

Mazkur masala yuzasidan, innovatsion rivojlanish vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi. 

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularni ilmiy-texnik va innovatsion faoliyatga keng jalb qilish, iqtidorli yoshlarning, jumladan, olis hududlarda istiqomat qilayotgan yigit-qizlarning bilim, koʻnikma va malakasini oshirish, innovatsion gʻoyalarini amaliyotga tatbiq etishga koʻmaklashish maqsadida joriy yilning fevral-may oylarida “Mirzo Ulugʻbek vorislari” Respublika tanlovi oʻtkazildi.

Mazkur tanlovni samarali tashkil etish boʻyicha quyidagi ishlar amalga oshirildi:

maxsus platformalar orqali jami 23 811 nafar iqtidorli yoshlar (10 646 nafari qiz bola, 13 165 nafari oʻgʻil bola, 18 345 nafari 16-20 yosh, 5466 nafari 21-25 yosh) tanlovda ishtirok etish maqsadida roʻyxatdan oʻtdi;

Tanlovni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga va xalqaro tajribaga muvofiq roʻyxatdan oʻtgan ishtirokchilardan 3130 nafar yoshlar (1217 nafar qiz bola, 1913 nafar oʻgʻil bola) IQ test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtdi;

Tanlovning 1-bosqichi 2022-yilning mart oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 205 ta tuman va shaharlar kesimida oʻtkazildi. Har bir tuman va shahardan 5 nafardan eng iqtidorli yoshlar gʻolib deb topildi va ularga tanlovning 2-bosqichiga yoʻllanma hamda mahalliy byudjetdan BHMning 5 baravari miqdoridagi pul mukofotlari berildi;

Tanlovning 2-bosqichi 2022-yilning aprel oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shaharlari kesimida oʻtkazildi. Har bir hududda 20 nafardan eng iqtidorli yoshlar gʻolib deb topildi va ularga tanlovning 3-bosqichiga yoʻllanma hamda BHMning 10 baravari miqdoridagi pul mukofotlari berildi.

Tanlovning Respublika bosqichiga yoʻllanma olganlarning 82 nafari 16-20 yosh va 198 nafari 21-25 yosh oraligʻidagi jami 280 nafar yoshlar boʻlib, ulardan 104 nafari qiz hamda 176 nafari oʻgʻil bolalarni tashkil etadi.

Tanlovning Respublika bosqichini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida quyidagilar ishlar amalga oshirildi:

Tanlovning Respublika bosqichi joriy yilning 19-21-may kunlari Toshkent shahridagi “INNO” Innovatsion oʻquv va ishlab chiqarish texnoparkida oʻtkazildi;

Tanlovning Respublika bosqichida Toshkent shahriga Respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 280 nafar yoshlar mini-texnologiyalar, robototexnika, innovatsion xizmatlar, dasturlash, VR va AR, qishloq xoʻjaligi, biotexnologiya, muqobil energiya, sogʻliqni saqlash, sunʼiy intellekt va 3D prototiplash kabi yoʻnalishlar boʻyicha oʻz gʻoya va ishlanmalari bilan ishtirok etdilar;

Tanlov ishtirokchilari ularning salohiyati va bilimiga qarab tegishli vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari vakillari, mutaxassislar hamda olimlardan tuzilgan. Tanlov komissiyasi tomonidan 100 nafar eng yaxshi loyiha mualliflari gʻolib sifatida saralab olindi.

Tanlov gʻoliblari Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi tomonidan tashkil etiladigan maqsadli oʻquv kurslarida bepul oʻqish imkoniyatiga ega boʻldi, shuningdek, BHMning 20 baravari miqdorida pul mukofoti bilan ragʻbatlantirildi.

Tanlov hayʼati aʼzolari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Yoshlar parlamenti, Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi, Yoshlar parlamenti, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi masʼul xodimlari, yetuk mutaxassislaridan shakllantirildi.

Tanlovning Respublika bosqichi mobaynida ishtirokchilarning turar joy, yashash va transport xarajatlari Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi  hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan qoplandi.

Yuqoridagi maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, mazkur tanlovning respublika bosqichiga oʻtgan yoshlar mukofotsiz qolishmagan, balki tuman bosqichida va viloyat bosqichida pul mukofotlari olishgan. Tanlov borki, gʻoliblar va magʻlublar boʻladi, aks holda, tanlov oʻtkazishning maʼnosi boʻlmaydi. Ammo aynan mana shu tanlovda birorta iqtidor egasi beeʼtibor qoldirilmadi, deb oʻylaymiz. Tanlovning top-100 roʻyxatiga kirmagan iqtidorli yoshlar ham Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi eʼtiborida boʻladi. Tanlov gʻoliblari boʻlolmagan yoshlarimizning mazkur tanlovda ishtirok etib, finalga chiqqanlari atroflaridagi yoshlarning loyihalarni kuzatish imkoniyatiga ega boʻldi, tajriba orttirdi. Oʻylaymizki, ular keyingi yil oʻtkaziladigan mazkur tanlovda ham faol ishtirok etib, yanada kattaroq yutuqlarni qoʻlga kiritadi. 

Tanlovda ishtirok etgan barcha yoshlarga oʻz minnatdorligimizni bildirib, keyingi yilgi tanlovga puxta tayyorgarlik koʻrishni tavsiya qilamiz, deya xabar bermoqda Innovatsion rivojlanish vazirligi.