Misr elchisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Madaniyat 7 Iyul 2021 1834

    Bugun Kinematografiya agentligida Misr Arab Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Amira Fahmi xonim bilan uchrashuv tashkil etildi.

    Uchrashuv davomida Toshkent xalqaro kinofestivalini oʻtkazishdagi hamkorlik va misrlik kinoijodkorlar bilan ko-produksiya filmlarini yaratish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Misr filmlarini oʻzbek telekanallari, oʻzbek filmlarini esa Misr telekanallari orqali namoyish etishga kelishildi. Tomonlar bu borada amalga oshirilishi kutilayotgan ishlarga batafsil toʻxtalib oʻtishdi.

    Bundan tashqari, uchrashuvda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati bilan Misr elchixonasi oʻrtasidagi hamkorlik masalalariga ham alohida toʻxtaldi. Butunjahon jamiyati tomonidan sentyabrda oʻtkaziladigan konferensiyaga Misrdan ham olimlarni jalb etish, shu bilan birga Misrda saqlanayotgan Oʻzbekiston madaniyatiga oid yodgorliklar boʻyicha kitoblar toʻplamini chop etish tashabbusi ilgari surildi, deb xabar beradi Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.