Misr gazetasida mamlakatimizda barpo etilajak yangi poytaxt haqidagi maqola bosilib chiqdi

    Unda yangi Toshkent shaharchasini qurish va bu haqdagi qarorning afzalliklari to‘g‘risida atroflicha fikr yuritilgan.

    Misr Arab Respublikasida chop etiladigan “Jumhuriya” gazetasi sahifasida “O‘zbekistonda yangi poytaxt” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.

    Unda yangi Toshkent shaharchasini qurish va bu haqdagi qarorning afzalliklari to‘g‘risida atroflicha fikr yuritilgan.

    Maqolada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qohira shahriga rasmiy tashrifidan bir oy o‘tib davlat muassasalari xodimlari, jamoat arboblari, mashhur kishilar, ziyolilar va yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan tantanali marosimda Yangi Toshkent shahrining kurilishiga tamal toshini qo‘ygani va davlatimiz rahbari poytaxtning istiqbolini belgilashda uzoqni o‘ylash, uni barqaror rivojlantirish, yaqin 15-20 yilga mo‘ljallangan rejalarni belgilash zarurligini taʼkidlagani misrlik o‘quvchilarning eʼtiboriga havola qilingan.

    “O‘zbekiston rahbari xalqaro mutaxassislarning fikr-mulohazalarini inobatga olib, chuqur o‘ylangan urbanizatsiya siyosati aholi turmush sharoiti, iqtisodiy taraqqiyot, odamlarning kayfiyati va xalq yashash tarziga katta taʼsir ko‘rsatishini taʼkidladi, deb yozadi gazeta. Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi 2045-yilgacha ishlab chiqilgan bo‘lib, unda aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shahardan tashqarida yangi qurilish ishlarni amalga oshirish, atrof muhiti tozaligini taʼminlash va Toshkentning meʼmoriy qiyofasini asrash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”.

    Nashr bir necha yil avval Indoneziya Jakartaga muqobil yangi poytaxt tashkil etilishini eʼlon qilgani, shuningdek, Qozog‘istonning eski poytaxti Olmaota o‘rniga Ostona shahri qurilib dunyodagi zamonaviy poytaxtlardan biriga aylanganini ham misol tariqasida qalamga olgan. “Yangi Toshkent shahrining barpo etilishi mamlakat ichida ko‘proq joylarni o‘zlashtirish va aholi yashaydigan hududlarni kengaytirish kabi qulayliklarni yaratadi. Maʼlumki, har qanday yangi obyektni qurish eskisini tiklash yoki taʼmirlashdan ko‘ra arzonroq bo‘ladi”, deb yozadi “Jumhuriya” gazetasi.