Misr hukumati tomonidan taqdim etilgan S gepatitiga qarshi dori vositalarining navbatdagi turkumi Oʻzbekistonga yetkazildi

    Dolzarb 23 Oktabr 2023 828

    Misr hukumati tomonidan mamlakatimiz uchun insonparvarlik yordami tariqasida ajratilgan S gepatitiga qarshi “Sofosbuvir-400mg” dori vositasining navbatdagi turkumi Toshkentga joʻnatildi.

    Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

    Taʼkidlanishicha, ushbu loyiha Oʻzbekiston Prezidentining Misrga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar hamda mamlakatimiz rahbarining S Gepatitiga chalingan bemorlarni 100 foiz davlat hisobidan davolash boʻyicha tashabbusi ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

    “Sofosbuvir-400mg” dori vositasining navbatdagi turkumini Oʻzbekistonga joʻnatish boʻyicha kelishuv joriy yil 3-oktyabr kuni mamlakatimiz diplomatlarining Misr sogʻlikni saqlash vazirining oʻrinbosari Muhammad Hasaniy bilan olib borgan samarali muzokaralari natijasidir.

    Muhammad Hasaniy muloqot chogʻida mamlakatimizda S gepatitidan davolanayotgan bemorlarga koʻmak berishni davom ettirish uchun Misr Sogʻlikni saqlash vazirligida joriy loyihani davom ettirishdan mamnunligini va gumanitar yordamning 16-turkumi doirasida S gepatitiga qarshi “Sofosbuvir-400mg” dori vositalarini yetkazib berilishini bildirdi.

    Umumiy qiymati 38 ming 456 AQSH dollariga teng boʻlgan 3680 dona “Sofosbuvir-400mg” dori vositalari 21-oktyabr kuni Sharm ash-Shayxdan Toshkentga “UzAirways” AJ koʻmagida yetkazib berildi.