Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Taʼkidlanishicha, ushbu loyiha Oʻzbekiston Prezidentining Misrga amalga oshirgan  rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar hamda mamlakatimiz rahbarining S Gepatitiga chalingan bemorlarni 100 foiz davlat hisobidan davolash boʻyicha tashabbusi ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

“Sofosbuvir-400mg” dori vositasining navbatdagi turkumini Oʻzbekistonga joʻnatish boʻyicha kelishuv joriy yil 3-oktyabr kuni  mamlakatimiz diplomatlarining Misr  sogʻlikni saqlash vazirining oʻrinbosari Muhammad Hasaniy bilan olib borgan samarali muzokaralari natijasidir.

Muhammad Hasaniy muloqot chogʻida mamlakatimizda S  gepatitidan davolanayotgan bemorlarga koʻmak berishni davom ettirish uchun Misr Sogʻlikni saqlash vazirligida joriy loyihani davom  ettirishdan mamnunligini va gumanitar yordamning 16-turkumi doirasida S gepatitiga qarshi “Sofosbuvir-400mg” dori vositalarini yetkazib berilishini bildirdi.

Umumiy qiymati 38 ming 456 AQSH dollariga teng  boʻlgan 3680 dona “Sofosbuvir-400mg” dori vositalari  21-oktyabr kuni Sharm ash-Shayxdan Toshkentga “UzAirways” AJ koʻmagida yetkazib berildi.