Miyasiga Neuralink chipi o'rnatilgan birinchi odam fikr kuchi bilan ijtimoiy tarmoqda xabar qoldirdi

    Miyasiga Ilon Maskning Neuralink neyrotexnologiya kompaniyasining implanti o'rnatilgan bemor Nolan Arbo o'zining birinchi postini X (avvalgi Twitter) ijtimoiy tarmog'ida fikrlash orqali yozdi. Bu haqda Mask X orqali xabar berdi.

    “Neuralinkning Telepathy implantidan foydalangan holda oddiygina fikrlash vositasida tarixda birinchi bor post qoldirildi”, dedi Mask.

    29 yoshli Nolan Arboning aytishicha, u taxminan sakkiz yil oldin baxtsiz hodisaga uchragan, yelkasidan pastki qismi hech narsani sezmay qolgan. Endi u o'z noutbuki ekranidagi shaxmat taxtasidagi kursorni fikr kuchi bilan harakatga keltira oladi, donalarni qayta tartibga soladi.

    Yanvar oyi oxirida Ilon Mask Neuralink implantining odam miyasiga muvaffaqiyatli implantatsiyasini e'lon qilgan edi, deb xabar beradi tass.ru.