Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzagʻolib Tillashayxov bu haqda quyidagilarni maʼlum qildi:
— Mobil mammografiya avtomobillariga harakatlanish joyi va tezligini kuzatish uchun JPS-trekerlar oʻrnatilgan.
Mobil mammografiya bilan ishlaydigan barcha shifokorlar, laborantlar va haydovchilar roʻyxati shakllantirilgan va ular uskunalarni ishlatish boʻyicha maxsus treningda qatnashib, koʻnikmalarini oshirgan.
Mammogrammalar markazlashtirilgan masofaviy birinchi va ikkinchi oʻqish axborot tizimi orqali yoʻlga qoʻyiladi:
Birinchi oʻqish hududiy filiallar shifokorlari tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun filiallarning rentgen boʻlimiga oʻrnatiladigan maxsus shifokor ish stansiyalari tashkil etildi.
Ikkinchi oʻqish Onkologiya markazi shifokorlari tomonidan bajariladi. Barcha suratlar ushbu muassasa bazasidagi markaziy arxivda saqlanadi.
Shuningdek, markaz bazasida aholining bu boradagi xabardorligini oshirish maqsadida 1303 qisqa raqamli Sall-markaz tashkil etildi.
Hozir tasarrufimizda 15 ta mobil mammografiya kompleksi mavjud. Ular yordamida koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash uchun tibbiy tekshiruvlar qamrovi yanada kengayadi va ilk bor barcha hududlar mammografiya skriningi bilan qamrab olinadi.