Modulli mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratiladi

    Hukumat Qarori (572-son, 13.09.2024 y) bilan “Modulli mehmonxonani qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

    Unga koʻra, subsidiya 2024-yil 1-oktyabrdan 2026-yil 1-noyabrgacha muvofiqlik sertifikati berilgan yangi tashkil etilgan hamda kamida 10 ta moduldan iborat boʻlgan modulli mehmonxona uchun uning toifasidan qatʼi nazar ajratiladi.

    Subsidiya modulli mehmonxonada yaratilgan har bir joy uchun 1 mln soʻmdan belgilanadi.

    Tadbirkor subsidiya olish uchun ariza taqdim etish vaqtida quyidagi talablarga javob berishi lozim:

    • soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorligi boʻlmasligi;
    • qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida boʻlmasligi;
    • faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha toʻxtatilgan boʻlmasligi;
    • sud qarori asosida toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilingan boʻlmasligi;
    • modulli mehmonxonaga berilgan muvofiqlik sertifikati hamda yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat mavjudligi.

    Subsidiya olish uchun tadbirkor davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali Turizm qoʻmitasiga belgilangan shaklda ariza bilan murojaat qiladi.

    Qoʻmita ariza kelib tushgan kundan 15 ish kunida uning Nizomda belgilangan talablarga muvofiqligini joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqadi.

    Qoʻmita arizani oʻrganib chiqib, 1 ish kunida subsidiya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda qarorning elektron nusxasini qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 1 ish kunida ariza beruvchiga yuboradi.

    Nizom 2024-yil 1-oktyabrdan 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.