Muloqot chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining keyingi yillarda uch barobarga oʻsishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Tomonlar joriy koʻrsatkichlarni sezilarli darajada oshirish uchun qator imkoniyatlar mavjudligini taʼkidlab, ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash nomenklaturasini kengaytirish va hajmini oshirish choralarini koʻrish boʻyicha Ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.
Investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari tahlil etildi. Qishloq xoʻjaligi, yengil va elektrotexnika sanoati sohalarida aniq loyiha takliflarini oʻzida mujassam etgan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dasturning qabul qilinishi bu boradagi ustuvor va birinchi darajali chora-tadbirlar sifatida belgilandi. Shu nuqtai nazardan tomonlar Toshkent va Ulan-Bator shaharlarida qoʻshma biznes-forum va koʻrgazmalar oʻtkazishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Moʻgʻuliston oʻrtasida hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiya tuzish toʻgʻrisida Bitim imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.