Ummon bilan ustuvor tarmoqlarda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi

    ISSV rahbari Laziz Kudratov Maskat shahrida Ummon davlat va ishbilarmon doiralarining yuqori martabali vakillari bilan uchrashdi.

    Ular orasida Ummonning Savdo, sanoat va investitsiyalarni ragʻbatlantirish vaziri Qays Al Yusuf, Investitsiyalar agentligi prezidenti Abdussalom Al Murshidiy, Qishloq xoʻjaligi, baliqchilik va suv resurslari vaziri oʻrinbosari Ali Al Abriy, shuningdek, Suhail Bahwan Group, Sohar International Bank, Oman Cables, Asyad Group, MB Holding va mamlakatning boshqa yetakchi kompaniyalari rahbarlari bor edi.

    Oʻzbek tomoni neft-gaz kimyosi, energetika, togʻ-kon sanoati, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, logistika va turizm sohalaridagi tayyor loyihaviy tashabbuslarni taqdim etdi. Oʻzbekistonning investitsiya muhitiga oid amaliy jihatlar – investorlarni himoya qilish kafolatlari, soliq va bojxona imtiyozlari, sanoat zonalaridagi preferensiyalar hamda strategik loyihalar uchun maxsus tartibotlar batafsil tushuntirildi.

    Muzokaralar yakunida ustuvor tarmoqlarda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Tomonlar Oʻzbekiston va Ummon oʻrtasidagi uzoq muddatli aloqalarni mustahkamlashga tayyorligini bildirdilar. Bunda asosiy eʼtibor qoʻshma investitsiyalar, infratuzilmani rivojlantirish va savdoni diversifikatsiya qilishga qaratiladi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.