“2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida koʻzda tutilganidek Parij-2024 Olimpiya oʻyinlari uchun Turizm va sport vazirligi boshchiligidagi sport federatsiyalari tomonidan tayyorgarlik ishlari boshlangan.
2021-yil 30-dekabrdagi “Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunda Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish uchun 2022-yilda Milliy olimpiya qoʻmitasi, Olimpiya sport turlari va uyushmalariga 135,0 mlrd.soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangan.

2022-yil yanvar oyi yakuni boʻyicha Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrayotgan 19 ta sport federatsiya va uyushmalardan 17 tasining bergan buyurtmalari asosida ajratilgan mablagʻlardan mahalliy hamda xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish uchun 7 milliard 897 million 416 ming 763 soʻm mablagʻ ajratilgan.
Shu bilan birga, Olimpiya sport turlari boʻyicha federatsiya va uyushmalarning ustav xarajatlari, milliy terma jamoa sportchilari uchun anjom va maxsus ekipirovkalar xaridi, ularning tibbiy-biologik taʼminoti bilan bogʻliq xarajatlar federatsiya va uyushmalarga toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtiriladi.
Milliy olimpiya qoʻmitasi 2022-yil yanvar oyida terma jamoalarning Osiyo oʻyinlari va Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarligi uchun sarflangan mablagʻlar toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etdi.