Moratoriy sabab soʻnggi olti oyda 453 238 ta daraxt kesilishining oldi olindi — deputat

    Rad etilgan arizalarda koʻrsatilgan daraxtlar orasida 86 309 tasi qimmatbaxo navlarga mansub edi.

    Avvalroq tadbirkor Murod Nazarov daraxtlarni kesish cheklovlarini olib tashlash va kompensatsiya uchun “daraxtlar banki” tashkil etishni taklif qilgan edi.

    Tadbirkorning fikriga koʻra, baribir daraxtlar kesilmoqda, shu sababli kesiladigan daraxtlarning oʻrniga avvaldan bir necha karra koʻp daraxt ekilishi kerakligini bildirdi.

    Ushbu fikrga deputat Javlon Abdullayev oʻz fikrini bildirdi.

    «Alohida taʼkidlash lozim, suv tanqisligi va global issiqlik kabi muammolar yurtimizda kun sayin sezilarli tus olayapti. Bu holatda kelajak avlod uchun har bir daraxtni asrab qolishimiz oʻta muhim vazifa hisoblanadi. Bitta daraxtni katta qilib oʻstirish uchun kamida oʻn yillab vaqt, sabr va doimiy parvarish talab etiladi.

    Har bir yetuk daraxt kislorodni chiqarish orqali havoni tozalashi, shovqin darajasini pasaytirishi, haroratni tartibga solishi, tuproq eroziyasini oldini olishi kabi vazifalarni bajarishini nahotki developer bilmasa!?

    Shu bilan birga, moratoriy bejizga eʼlon qilingani yoʻq. Agar u joriy etilmaganida, bugungi kunda biz choʻlda qolgan boʻlar edik. Moratoriyning ahamiyati juda katta — ayrim noqonuniy daraxt kesish holatlariga qaramasdan, ushbu chora-tadbir tufayli 98 foizdan ortiq daraxtlarning kesilishiga yoʻl qoʻyilmadi.

    Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning birinchi olti oyi davomida daraxtlarni kesish boʻyicha kelib tushgan 3 235 ta ariza rad etilgani natijasida 453 238 ta daraxtni kesishning oldi olindi. Rad etilgan arizalarda koʻrsatilgan daraxtlar orasida 86 309 tasi qimmatbaxo navlarga mansub ekani maʼlum qilindi.

    Soʻnggi paytlarda “qayta ekish” nomida koʻchirilayotgan yoki yangi ekilgan koʻchatlarning aksariyati koʻkarmayotgani, qurub qolayotganini jamoatchilik koʻrib, kuzatib turibdi. Bu kabi tadbirlar, tabiatni asrash emas, aksincha, faqat daraxtlarni yoʻq qilish orqali ekologiyani yanada yomon ahvolga solayotganini koʻrsatmoqda.

    Shuningdek, bu kabi yondashuv nafaqat ekologik muvozanatga, balki Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida mustahkamlangan atrof-muhitni muhofaza qilish tamoyillariga mutlaqo zid hisoblanadi. Agar har kim daraxtni oʻz hududidagi toʻsiq sifatida koʻrib, uni kesishni “muqobil ekish” bilan almashtirsa, bu – tabiatga qarshi ochiqchasiga tajovuz, yaʼni ekologik jinoyat sanaladi.

    Rivojlangan mamlakatlarda noqonuniy kesilgan har bir daraxtning hatto santimetri uchun moliyaviy javobgarlik belgilangan — ayrim hollarda developerdan yerni qaytarib olishgacha boriladi, daraxtlarni kesish emas, xattoki shikastlangan va qurib qolish xavfi ostidagi daraxtlarni “tiriltirish” boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bunday yondashuvlar tabiatni muhofaza qilishda samarali natija bermoqda. Oʻzbekistonda ham bu borada keskin choralar koʻrish, qonunchilikka ana shunday taʼsirli mexanizmlarni joriy etish vaqti yetib keldi.

    Biz, Ekopartiya deputatlari tadbirkorlarning bu kabi tabiatga beshafqat munosabtalari va takliflariga mutlaqo qarshimiz. Bu kabi chuqur tahlil qilinmasdan bildirilgan takliflar kelgusida tabiatga befarqlik bilan yondashish va ekologik barqarorlikka tahdid soluvchi holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuni qatʼiy taʼkidlaymiz: har qanday rivojlanish, bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari ekologik manfaatlar hisobiga emas, ular bilan muvozanatda olib borilishi lozim.

    Qonunchilik tashabbusi sifatida renovatsiya loyihasini amalga oshirishda zarar yetkazilishi mumkin boʻlmagan obyekt sifatida moratoriy eʼlon qilingan daraxt va butalarning joylashgan joyini qonuniy mustahkamlashga astoyidil xarakat qilamiz.

    Ekopartiya #mendaraxtkesilishiga_qarshiman xeshtegi ostida ona tabiatimizni asrash boʻyicha aksiyalarini oʻtkazadi va ularga barcha faol fuqarolarimizni ishtirok etishga chaqirib qolamiz«, deya yozgan deputat.