Moskvadagi Kreml davlat saroyida Rossiyadagi Oʻzbekiston madaniyati kunlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtadi

    Joriy yil 19-noyabrda Kreml davlat saroyida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va madaniy aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan keng koʻlamli madaniy tadbir – Rossiyadagi Oʻzbekiston madaniyati kunlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtadi.

    Mazkur tadbir Rossiya jamoatchiligi uchun Oʻzbekistonning boy madaniy merosi, uning koʻp asrlik anʼanalari, zamonaviy hayoti va yutuqlari bilan yaqindan tanishish uchun noyob imkoniyat ochadi. Tomoshabinlar Oʻzbekistonning taniqli sanʼatkorlari ijrosidagi oʻzbek, rus va jahon klassikasi asarlardan bahramand boʻladi.

    Dasturning markaziy tadbiri Oʻzbekiston sanʼat ustalari ishtirokidagi gala konsert hisoblanadi. Unda Oʻzbekiston Qahramoni Munojot Yoʻlchiyeva, xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Farrux Zokirov, Sevara Nazarxon, Gulsanam Mamazoitova, Oygul Nodirova, xizmat koʻrsatgan artistlar Ozoda Nursaidova, Ilyos Arabov, isteʼdodli ijrochilar Shirin Mamatova, Sabina Mustayeva ishtirok etadi. Konsert dasturidan, shuningdek, xalq artisti Kamolidin Oʻrinboyev boshchiligidagi Davlat simfonik orkestri hamda Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli chiqishlari ham oʻrin olgan.

    Ikki soatlik konsert dasturidan oʻzbek xalq qoʻshiqlari, raqslari va jahon opera klassikasi durdonalari oʻrin olgan. Dasturga kiritilgan har bir asar Vatanga muhabbat va milliy anʼanalarga hurmat tuygʻulari bilan yoʻgʻrilgan.

    Tadbir doirasida Oʻzbekiston tarixi, madaniy anʼanalari va kundalik hayoti haqida hikoya qiluvchi fotokoʻrgazma ham boʻlib oʻtadi. Unda mamlakatimizdagi muhim voqealar, meʼmoriy obidalar va zamonaviy oʻzgarishlarga bagʻishlangan 80 dan ortiq noyob fotosuratlar namoyish etiladi.

    Mehmonlar Oʻzbekistonning madaniy va ijtimoiy sohalardagi yutuqlarini fotosuratlarda koʻrishlari mumkin.

    Tadbirda Rossiya va Oʻzbekiston rasmiylari, madaniyat va ishbilarmon doiralari vakillari, diplomatlar va sanʼat arboblari ishtirok etishi kutiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.