“UZBEKISTAN AIRPORTS” Moskva-Termiz yoʻnalishida uchayotgan samolyot Aqtoʻbega qoʻngani haqida maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Moskva – Termiz yoʻnalishida uchayotgan HY9610 reysi yoʻlovchilardan birining sogʻligʻi yomonlashib qolgan. Shu sababli Aqtoʻbe (Qozogʻiston) xalqaro aeroportidagi muqobil aerodromga yoʻl oldi. Ekipaj bort tagiga tez yordam mashinasini chaqirtirgan.
Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 14:28 da Aqtoʻbega qoʻngan. Havo kemasi yaqin soatlarda manzil aeroporti - Termizga uchib ketishi kutilmoqda.