Uchqo'rg'onlik soddagina qiz nozikkina jussasi bilan poytaxt Toshkentni she'r-u hikoyalari bilan zabt etganida yigirma yoshda edi. Yigirma besh yoshida Moskvadagi jahon adabiyoti institutiga imtiyozli qabul qilinib, muvaffaqiyatli tamomladi. Bugun esa qutlug' yetmish yoshga to'lib, momo maqomida ona yurti Namanganda qizg'in va samarali ijod, tarjima bilan band. Ko'ksida “Xalq ta'limi a'lochisi”, “Ma'naviyat va ma'rifat fidoyisi”, “Mo'tabar ayol” nishonlari, “Do'stlik” ordeni yaraqlab turibdi. Ustozi Zulfiyaxonim bitganidek, "e'zoz-u ardoqlar uchun tashakkur" bildirishga musharraf bo'ldi.

- Bolaligim mehnatlar ichra o'tdi. Otam, onam mehnati unutilmas dars bo'lgan, - deydi qahramonimiz shoira va jurnalist Dilbar Haydarova yoshligini eslab. - Jamalaksochlarimga qo'shib o'rilgan pilikni yoki tolpopugimni o'ynab turib, kattalarga salom berardim. Har tong ota-onam namozga egilganda Xudodan mening baxtimni so'rashardi. Qur'onga muhabbatni ilk marta otamning tovushida tuyganman. Subhidam otam Haydarali bosh tomonimda o'tirib, “kuf-suf” qilardi. Padari buzrukvorim va volidai muhtaramamning beadoq duolari hamon qulog'imda jaranglaydi. Onam E'tiborxon “boyning qizi” bahonasi (tamg'asi) bilan maktabdan uch oyda haydalgan bo'lsalar ham mustaqil o'qib, savod chiqarganlar. Uyimizda “Sharq yulduzi” jurnali va har xil gazetalar bo'lardi. Onam o'qigani o'qigan edi, adabiyotni sevardi. Balki tokchalarimiz, javonlarimiz to'la kitoblar, xushmanzara tabiat dilimga she'r ishqini solgandir, ehtimol. Hovlimiz qishloqda katta hovlilar sirasiga kirardi. Bahor bizning uyimizdan boshlanardi...

Ha, shoirai davron “Chamanga aylanib ketar to'rt taraf, Bulbullar chah-chahi olamni tutdi”, deya yozganida yolg'on emas. She'rlarining qofiyalarini onasining so'zlaridan va allalaridan tergan, yodlagan oyatlari ohanglaridan olgan. Otasi eng ulug' kitobni har tong o'qirdi. Uyida tabarruk narsa kitob edi. Otasi ham, onasi ham kitob mutolaa qilishardi. Uning birinchi o'qigan kitobi “Qizil shapkacha”dan “Ming bir kecha”gacha yetgan, maktab kutubxonasida o'qimagan kitobi qolmagan. Hatto oydinda pashshaxonaning ichida o'qirdi, xullas, boshida har kun bir kitob bilan uyg'onardi.

Mashq daftari tutganida uchinchi sinf edi. Maktab shoirasi bo'ldi. Beshinchi sinfdan sinfining “Adabiyotchi” devoriy gazetasi muharririga aylangan. Qolaversa, maktab hayoti, qishlog'i yangiliklarini Toshkentga, tahririyatlarga jo'natsa, darrov gazeta-jurnallarda chiqardi. Maktabda ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi rahmatli Sotvoldi Dadaxonov umidli qalamkashning yozgan bayon va insholarini ko'klarga ko'tarib maqtardi, she'rlarisiz dars o'tilmasdi. 7-8-sinfligida obuna bo'lingan gazeta-jurnallar pochta manziliga maktub yozar, bosma nashrlar bosh muharrirlaridan javob xatlari olardi.

Aka-ukalar bilan birga o'sgani uchun yigitlar qatorida ulg'aydi, har jihatdan chiniqdi. Oilada yagona qiz bo'lgani tufayli ayricha mehr ulashishardi. Tumandagi 16-o'rta maktabni tugallab, Namangan pedagogika institutiga hujjat topshirib, mandatda yiqildi. Onasining xohishi va talabiga ko'ra sirtqi bo'limda o'qidi. Xizmat ko'rsatgan irrigator tog'asi rahbar bo'lgan suv xo'jaligi tashkilotida oz muddat ishladi. Tumanning “Jangovor mehnat” gazetasida adabiy xodim sifatida faoliyat boshladi. Gazetaning har sonida maqolalari, she'rlari peshma-pesh chiqardi. Tezda elda dovruq qozondi. Maqolalarni she'rday yozardi. Totalitar tuzumning zug'umlari ostida ham zavq-shavq bilan ishlagan. O'ttiz yoshida Respublika Yozuvchilar uyushmasiga a'zo bo'ldi. O'shanda tumanda ungacha ikki kishi uyushmaga a'zo edi, biri Remzi Burnash, ikkinchisi Mambet Ablyamimov.

- 1975-yil bahori edi. Tahririyatda maslahatni pishitib, Mambet aka uyimizga kirib keldilar, - deydi mamnun kayfiyatda suhbatdoshimiz. – Otam bilan dasturxon atrofida gurunglashib, “Aka, qizingizni Toshkentda Zulfiya opa so'rayapti deb, tavallo ohangida bir kunga iltimos qildilar. Qaysargina otam to'satdan Zulfiya, Nodiralarning izdoshi Toshkentga borishiga ruxsat bervordi. Onam hayron. “To'yga yuborilmaydigan qiz qanday qilib Toshkentga boradi?” deya otamga mehr bilan tikiladi. Mehnatkash, samimiy Mambet aka otamni ishontirolgandi. Poyezdga bilet olindi. Rahbar tog'alarim va ko'pchilik bo'lib kuzatishdi. Boshimga do'ppi, egnimga atlas ko'ylak kiyganman. Poyezddan tushiboq, azim Toshkent markazini kezdik. Yozuvchilar uyushmasi, “Sharq yulduzi” jurnali, gazetalar, radio-televideniye – barchasiga ulgurdik. Bir jild she'r, bir jild hikoyalarim O'zbekiston bo'ylab qanot qoqdi. Bir gapni aytishim lozim, yozganlarimni hech kim tahrir qilmagan. Bir safar Asqad Muxtor, bir safar Zulfiya opam she'rlarimga qalam tekkizishgan. Quyma yozadi, degan e'tirofli so'z Zulfiya opamniki.

Shunday qilib, Dilbar Bonu (bu taxallusni Qo'g'ay qishlog'ida muxlislar bilan uchrashuv tadbirida sovxoz direktori ergashali Bozorov qo'ygan) bir kunda shon-shuhratga botib, mamlakatga tanildi. Yozuvchilar uyushmasida ilk bora Moskvadagi adabiyot instituti haqida taklif berishdi. 1977-yilda sirtqini bitirgach, besh yil Moskvada o'qidi. Uning adabiy muhiti Uchqo'rg'ondan, maktab partasidan to'g'ri Toshkentga ulangan. Asarlari avvalo Toshkentda, keyin Namanganda chop etilgan. Xalqaro matbuotda she'r va suratlari bosildi, million adadli gazeta, jurnallar sahifasini bezadi. Moskvadek ulkan shahar uni obdon tarbiyaladi. So'zini erkin va dadil aytishni o'rgandi. Markaziy adabiyotchilar uyi, Litinstitut u uchun Moskvaning yuragi hisoblanardi, Toshkent ham ustuvorlik kasb etardi. O'zi Namanganda, xayoli esa Toshkentda bo'lardi, intilardi. Aslida, Shoh Mashrab bir taraf, dunyo bir taraf. Adabiyot tarixida Namanganning zabardast shoirlari talaygina. Ibrat, Usmon Nosir, Chustiy, Habib Sa'dulladay nomdor ijodkorlarga boy.

Yetmishinchi yillar adabiyotga gurillab kirib kelgan Azim Suyun, Usmon Azim, Usmon Qo'chqor, Xurshid Davron, Sharifa Salimova, Xosiyat Bobomurodova, Muhtarama Ulug'ova, Qutlibeka Rahimbekovalar safida edi. G'afur G'ulom nashriyotida ishlayotganida bir kuni “Markazkom”ga chaqirtirishdi. Oltinchi qavatda, hech kutilmaganda davlat rahbari Sharof Rashidovning xonasida turardi, go'yo tushdagidek edi. Sharof Rashidov vazirlarni bitta-bitta tinglagach, unga yuzlandi.

– Qizim, beriroq keling-chi, barakalla. “Ogonyok”dagi, “Drujba”dagi she'rlaringizni o'qidim. Xo'sh, endi maqsadga o'taylik, Moskvadan Ivan Dmitriyevich (Kremlda ichki nazorat boshqarmasi boshlig'i) qo'ng'iroq qildilar. U kishi sizning Toshkentdagi sharoitingiz bilan qiziqyaptilar. Sharof Rashidov hozirgacha ovoz chiqarmay yozayotgan miqtigina yordamchi yigitga “Navbatsiz uyga yozing!” dedi. (“Oq uy” mahallasida uzoq qarindoshinikida qimtinibgina ijarada turardi).

– Endi, – dedilar kulib, – faqat yozasiz. Namangandan ham Zulfiya chiqibdi. O'zim kuzatib boraman. Qanday yordam kerak bo'lsa, beramiz. Ivan Dmitriyevichga, Dilbar qizim, salomimni yetkazing. Yaqinda otangiz vafot etibdilar. Unutmang, siz yetim emassiz, qizim, siz o'zbekning shoirasisiz!

– Rahmat, hammasi yaxshi, xo'p bo'ladi... – eshikka tislandim... Atoqli va himmati baland yozuvchi jo'mardlik bilan namanganlik bir yosh shoiraga uy bilan baxt-saodat ham tuhfa qilgan ekan. Yozuvchilar uyushmasining Do'rmondagi uyida dam olsam ham shu ajib xotiralar bot-bot yodimga tushadi.

Bugun adabiyot elektron minbarlarga ko'chdi. Bahosini o'quvchi beradi, albatta. Dilbar Haydarova chet davlatlardagi do'stlari bilan kunda internet tarmog'ida bemalol suhbatlashadi. “Facebook” orqali turk, ozar, fors-tojik, qirg'iz, qozoq hozirgi zamon shoirlari bilan adabiy aloqalar o'rnatgan. Chunki adabiy do'stlik – abadiy do'stlik. Avar shoiri Magamed Ahmedov, yoqutistonlik kursdosh dugonasi Sargilana Spiridonova, ozar do'stlari Ma'ruf Sulton, Akbar Qo'shali, Sulaymon Abdulla, Chigatel Poeziya, Tabriza Pinhon, Baxtiyor Vahobzoda, Rustam Kasamanlilar shular jumlasidan. Ozar adabiyotida bundan qirq yil avval tarjimalari borligiga O'zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonovning mashhur “Biri sansan, biri men” qo'shig'i guvoh.

Dilbar opaning she'rlarida doimo Norin daryosining yoqimli nafasi, shiddati to'lqinlanadi. Norin bo'ylarida bag'ri butun, ko'ngli keng insonlar istiqomat qiladi. U Sharqu G'arbda taraqqiyot cho'qqisida yashayotganlarni ko'rdi. Moskov-u Rim, Ovrupa shaharlari-yu Norvegu Shvedlar, Istanbul-u Dubaylarning sayohatida bo'ldi, besh-olti dengizning to'lqiniga mahliyo holda quloq soldi. Ammo har tong Norin daryosi shovullashini sog'inib uyg'ondi.

- Moskvadan yo'llanma bilan Toshkentga kelib, O'zbekiston televideniyesining “Axborot” tahririyatida, musiqa, adabiyot bo'limlarida ishladim, - deydi qahramonimiz shirin entikish va xo'rsiniq bilan. - “Assalom, O'zbekiston!”ni “Assalomu alaykum!” deb boshlaganmiz. 1990-yillarda “Ayol qadri” nomli bir soatli ko'rsatuvim bo'lardi. O'zbekiston televideniyesidagi “yuzduz”ligimni tashlab, onamning iltijolari bilan Namanganga qaytdim. Bir qo'limda beshik, bir qo'limda kitob bo'ldi. Taqdirim adabiyotga tutashganidan Yaratganga shukur qilaman. Yaxshi va yomon odamlar, turfa sinovlar orasidan she'rimni aytib o'tyapman. Otamni, onamni tuproqqa topshirganimda yerdan aziz joy yo'qligini anglab yetdim. Popukdek qizim, ko'rkam o'g'lim bor. Turmush o'rtog'imning qisqa umri davomini farzandlarimga bersin, ilohim! Bolalarimni tishimda tishlab katta qildim. Soxta hayot kechirmadim. Mo'tabarim yo'llarimda mayoq bo'ldilar. Dono va chiroyli onam, odobu xulqi bilan “dodho” nomini olgan. Qayerda yursam, Kattamo'g'ol qishlog'idagi mehribonimga sim qoqib ovozlarini eshitib, duolarini, nasihatlarini olardim. Buyruqlarini so'zsiz bajarardik. Dilbandlarimni onamning etaklariga tashlab ishlardim. 2000-yilda Namanganga o'qituvchilarning “Murabbiy” gazetasiga muharrir, Jurnalistlar uyushmasiga rahbar etib tayinlandim. Qiyinchilik pallasida ham qalam orqasidan ro'zg'or tebratdik. Mehnatimizni orqalab yillar o'tdi. Xalq bilan, zamon-u makon bilan hamnafas bo'ldik.

Darhaqiqat, yon-verimizdagi ijodkorlarni kuzatib, tabiiy ravishda ayolning adabiyot kishisiga aylanishi azaliy muammo, murakkab taqdirlar, qurbonlik ekanidan olam ahli xabardor. Dilbar Bonu o'rtoqlari Sharifa Salimova, Xosiyat Bobomurodova, Muhtarama Ulug'ova, Qutlibeka Rahimbekova singari dugonalari bilan she'riyat dengizida hamon munosib suzmoqda. Davralarning guli bo'lgan tengdoshlari bilan adabiyot sahnasida. Bolaligidagi orzusiga erishdi. 5-sinfdagi devoriy gazetadan boshlangan muharrirlik bir umrlik mas'ul lavozimi, oshnosi bo'ldi. Televideniye, gazetada, jurnalda muharrir bo'lib ishladi. Hozir ham vazifadan ortib, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi qoshida tuzilgan Ijodkor ayollar uyushmasi raisi.

- Ulug' ustozlar huzurida, Zulfiya opa, Asqad Muxtor, Oydin Hojievalar bilan muntazam ijodiy aloqada bo'lganman. Ularning maslahatlari asosida ish tutganman. Zukko onam Zulfiyaxonim, Muzayyana Alaviya, Olmos opa, Oydin Hojiyevalar, umuman, jamiki taniqli shoirlarni xonadonimizda mehmon qilganlar. Binobarin, jurnalistika – eng e'zozga loyiq kasb va u oilamiz uchun muqaddas. Osonmas, noni “qattiq” bo'lsa-da, mazasi totli. Bir maqolani yozganingizda va matbuot yuzini ko'rganda juda xursand bo'lasiz. Kamina mehnatda toblangan. Nabiralarim hozir sirdoshlarim. Qizim Dilorom ham yurist-pedagog bo'lsa-da, yozadi. O'zMUning jurnalist diplomiga ega o'g'lim Ulug'bek talabalikdan burun qog'oz qoralashni boshlagan. Izimdan kelayotgan shogirdlarim ichida o'g'lim Ulug'bek, nabiram Dilafro'z borligi yuragimga yorug' nurlar to'kadi. To'g'risi, yelkamdagi gazeta tashvishlaridan kuch va suyanch, ro'shnolik topaman.

Ma'lumot o'rnida, Dilbar Bonuning 30 ga yaqin she'riy kitoblar sohibasi. She'rlari, o'nlab qo'shiqlari goh “Bir olmaning ikki yuzi”, goh “Kuylay shahrim Namanganimni, gullar shahri Namanganimni” bo'lib kunda jaranglaydi. Ikkita saylanmasi chiqdi, hikoyalari kitob bo'lib muxlislarga yetdi. Nazm, nasrdan tashqari 1980-yildan tarjimalar bilan shug'ullanadi. Hozirgacha ozarbayjon tilidan uchta tarjima to'plami chiqargan. 2021-yilda salkam 120 nafar ozar shoirlarini yig'ib, “Ozarbayjon adabiyoti injulari” nomda antologiya tayyorladi. Nashr etilish arafasida. Kitoblari xorijda – Amerika, Hindiston, Qozog'iston, Ozarbayjon, Rossiya, Slovakiya, Bolgariyada chop etilgan.

Darvoqe, Dilbar Haydarova 26 yildan buyon “Saodat” jurnalining Namangandagi muxbir vakilasi. 2020-yilda “Yilning eng faol jurnalisti” respublika tanlovi g'olibi bo'ldi. O'tgan 2022-yil u uchun g'oyat quvonchli kechdi. Prezidentimiz farmoniga muvofiq Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Yuksak qadr va ehtiromdan boshi osmonda. “Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning biz, ijodkorlarga cheksiz g'amxo'rligidan, ochig'i, yosharayotganim mubolag'amas. Minnatdorlik tuyg'ularim go'zal ash'orlarga aylanajak”, deya haroratli dil izhorlarini hayajon bilan yo'llaydi:

Vatan so'zi bismillohim,

Uningsiz bir kunim o'tmas.

Usiz dilga to'lur ohim,

Uningsiz bir ishim bitmas!

Zero, shoiraning qalbidan po'rtana bo'lib otilgan mazkur satrlar ozoda ko'ngil hayqirig'i va samimiy undovidir.

 Orifjon JO'RAYEV,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri