Dunyodagi neki tabarruk tushuncha bor — hammasi onaning moʻtabar nomi bilan yonma-yon aytiladi. Shoirlarning sara sheʼrlari, rassomlarning eng goʻzal asarlari, haykaltaroshlarning fusunkor haykallari ona siymosiga bagʻishlangan. Olamga ziynat bergan onalik mehri bilan ne-ne mutafakkirlarning beshigini tebratgan, ne-ne allomalarga alla aytgan buyuk va qahramon momolarimiz insonni inson qiladigan yuksak eʼtiqod, ezgulik tushunchalarini boʻlajak daholar qalbiga jo etgani haqiqat. Zotan, “Ota-ona farzand uchun eng birinchi va oliy madrasadir”, “Onalar millatning birinchi muallimlaridir”, ”Otasi yaxshining bolasi yaxshi, onasi yaxshining hammasi yaxshi” kabi hikmatlar bejiz aytilmagan.
Otameros qadriyatlarning bezavolligi esa mukammal taʼlim-tarbiyaning, yaxshilik va mehr-oqibatning timsoli boʻlgan, hamisha farzandi, el-yurtining dono maslahatgoʻyiga aylangan onalarning borligidandir. Hikmatlarda “Ota-ona bolasiga yaxshi tarbiyadan boshqa meros qoldirolmaydi”, deb taʼkidlangan. “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagʻay”, degan ulugʻ muhaddis Imom Buxoriyning onasi Fotimabegim koʻrish qobiliyatidan mahrum boʻlgan oʻgʻlini ilm olishga ragʻbatlantirgan. Tunlari Yaratgandan bolasining koʻz nurini qaytarishini soʻrab ibodat qilgani va farzandining koʻrish qobiliyati toʻliq tiklanganda shukronalar aytgani uchun tarixda “Duolari mustajob ayol” nomi bilan qolgan. Bundan boshqa zakovatli momolarimiz ham allomayu jahongir farzandlarni tarbiyalab kamolga yetkazgan. Jahonda tib ilmining sultoni deb eʼtirof etilgan qomusiy olim, buyuk hakim Abu Ali ibn Sino, 27 davlatda adolat va intizom oʻrnatgan Sohibqiron Amir Temur, betimsol “Xamsa”si bilan turkiy tilning jozibasini yetti iqlimga tan oldirgan mutafakkir Alisher Navoiy, 1018 yulduzning harakat jadvalini tuzgan falakiyotshunos alloma Mirzo Taragʻay Ulugʻbek, shoh va shoir, buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur, Xoja Bahouddin Naqshband kabi zotlarning volidalari shular jumlasidan. Qolaversa, oqila Bibixonim, Zebunniso, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar otin, Samarbonu kabi maʼrifatli va yuksak idrokli momolarimiz oʻzbek ayollarining yorqin timsoli sifatida sharaflanib tilga olinadi.
Onalar maʼrifati
“Moziyga qarab ish tutmoq xayrlidir”, deb yozgan edi atoqli adibimiz. Tarix zarvaraqlarida bitilganidek, maʼrifatparvarlar oʻz davrida ayollarning faol boʻlishini, jamiyat taraqqiyotida erkaklar bilan bir qatorda faoliyat yuritishini orzu qilgan. Abdurauf Fitrat “Oila” asarida “Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi milliy ozodlik, erk uchun zarur. Ayollar faqat uy-roʻzgʻori va bola tarbiyasi bilan band boʻlib qolmasligi, ularning Yevropadagi kabi siyosatda qatnashishi oʻrinlidir”, degan edi. Bu orzu koʻp oʻtmay, ijobiy mahsulini berdi. Oʻzbek ayollari ajdodlariga xos boʻlgan siyosat, ilm-maʼrifat va madaniyat sohalarida ulkan zafar choʻqqilarini egalladi.
Turkistonning “Koʻmak” jamiyati yoʻllanmasi bilan xorijga oʻqishga joʻnatilgan Maryam Sultonmurodova, Xayriniso Majidxonova va Xadicha Aliyevaning oʻtgan asrning yigirmanchi yillarida millat hurriyati va ozodligi uchun kurashgan, qatagʻon qilingan jadid maʼrifatparvarlari qatorida jasoratli faoliyat koʻrsatganini “Maryam” filmida koʻrgan edim. Zotan, ular tengqurlariga chinakam namuna boʻlgan edi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, akademik, yuridik fanlar doktori, professor Xadicha Sulaymonovaning yurtimizda huquqshunoslik fani rivoji yoʻlidagi ilmiy izlanishlari, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Boburning tahlikali umri, yetakchilik salohiyati hamda qardosh xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro siyosiy va iqtisodiy munosabatlar tahliliga doir tadqiqotlari, Boburning qizi Gulbadanbegim yozgan “Humoyunnoma” asarining fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinishi, sharqshunoslik fanini rivojlantirish borasida eʼlon qilingan qator ilmiy tahlillar — bilimdon ayollar hamma zamonlarda ham elning hurmati va eʼtiborida boʻlganidan darak beradi.
Oʻzbekning maʼrifatli onalari timsolida zamondoshlarimiz ham ilm-fan, adabiyot va sanʼat sohalarida qator yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Ular orasida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, kimyo fanlari doktori, professor Sayyora Rashidova ham bor. U OʻzFA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori sifatida yuzlab shogirdlar tayyorlagan. Oʻzi yetishtirgan 20 dan ortiq fan doktorlari, 300 dan ziyod ilmiy ishlanmalari va 20 dan ortiq mualliflik guvohnomalari bilan dunyo olimlari orasida obroʻ-eʼtibor qozongan.
Dilfuza Egamberdiyeva esa qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor sifatida qishloq xoʻjaligi biotexnologiyalari sohasidagi tadqiqotlari, 200 dan ziyod ilmiy maqolalari va ilmiy ishlanmalari orqali yangiliklar yaratgan. U BMT huzuridagi Umumjahon oziq- ovqat xavfsizligi qoʻmitasi aʼzosi.
Oʻzbekning yaqindagina “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan mashhur olimasi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova soya va zaytun oʻsimligining, shuningdek, tarkibida kleykovina miqdori yuqori boʻlgan bugʻdoyning yangi navlarini yaratgan. U 40 dan ortiq shogirdi bilan qishloq xoʻjaligi sohasida izlanishlar olib borib, ilmiy kashfiyotlar qilmoqda.
Umri ilm-fan hamda maʼrifatga bagʻishlangan onaxonlarimiz, yorqin isteʼdodli, hikmatgoʻy opa-singillarimiz bizga va bizdan keyingi avlodlarga namuna boʻlib qolaveradi. Ulardan oʻrnak olayotgan yoshlarimiz esa maʼrifiy anʼanalarni keyingi avlodlarga yetkazadi. “Yaxshilikning mukofoti — yaxshilik”, deb shuni aytsalar kerak-da.
Samarqandning Xosiyati
Kechagina Prezidentimiz farmoni bilan samarqandlik hassos shoira Xosiyat Bobomurodovaga “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni berildi. Samimiy va daryodil shoiramizning sheʼrlari “Vatan yagonadir, Vatan bittadir” satrlari orqali yuragimizdan joy olgan. Ayol ijodkorning sermashaqqat mehnatini yanada teran anglash haqida soʻz yuritar ekan, Xosiyat opa: “Qoʻliga qalam tutgan ayolning hayoti hech qachon silliq kechmagan: u oʻzining murakkabliklari, sinovlariyu dardini va shu dardni qalamga tushirishdek masʼuliyatli yumushni gardaniga oladi. Taqdir menga mana shunday hayotni nasib etganidan doim shukr qilib kelganman”, deydi.
“El-yurt hurmati”, “Mehnat shuhrati” ordenlari va “Shuhrat” medali sohibasi boʻlgan Xosiyat Bobomurodovaning quyidagi misralari barchani ruhlantiradi:
Gulxonaga aylansin Vatan,
Nurxonaga aylansin Vatan,
Darsxonaga aylansin Vatan,
Kelgin bizning safimizga!
Uning “Daryodan qatra”, “Qalb titrogʻi”, “Vatan yagonadir” kabi sheʼriy toʻplamlari, “Diydor”, “Murod qasri” dostonlari el-yurt va Vatan mehri bilan yoʻgʻrilgan. Xosiyat opa bilan firdavsmonand Samarqand haqida soatlab gaplashish mumkin. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov ssenariysi va rejissyor Yolqin Toʻychiyev postanovkasi asosida yaratilgan “Ulugʻ Amir va donna Mariya” filmi namoyishida Oʻzbekiston xalq artisti Sevara Nazarxon ijrosidagi “Samarqandga kel” qoʻshigʻi yangraganda koʻhna va hamisha navqiron Samarqand — ochiq osmon ostidagi muzey koʻz oldimizda gavdalanib, barchani zavqlantirgan edi.
Fidoyilik ragʻbati
2018-yilda hukumat qarori bilan “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etilgan edi. Bugungacha bu mukofot bilan 2110 ayol taqdirlangan boʻlsa, bu yil yana 351 opa-singlimiz ushbu mukofotga sazovor boʻldi.
Bu yilgi taqdirlanganlar safida xotin- qizlar muammolarini hal etishga koʻmaklashib, ularning maʼnaviyatini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan “Oqila ayollar”, “Ayollar maslahat kengashi” va “Buvijonlar maktabi” harakati faollari bor. Shuningdek, ayollar jinoyatchiligining oldini olish va oilalar farovonligini taʼminlash yoʻlida namunali faoliyat yuritayotganlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlayotganlar, Vatan sarhadlarini qoʻriqlayotgan harbiy xizmatchilarning oilalari eʼtirof etildi.
Bundan tashqari, milliy urf-odatlar va oilaviy qadriyatlarni saqlash hamda ularni hayotga izchil joriy etishda tashabbuskorlik koʻrsatayotgan vazirlik va idoralar, korxona, tashkilot, muassasalar, mahalla fuqarolar yigʻinlarida koʻp yillardan buyon samarali mehnat qilayotgan maʼrifatli ayollar, el-yurt xizmatiga kamarbasta farzandlarni tarbiyalagan onaxonlar va ibratli qaynonalar ham ushbu mukofotga munosib topildi.
Mukofotlanganlar orasida Oʻzbekiston Qahramoni, xalq artisti Munojat Yoʻlchiyevaning borligidan barchamiz quvondik.
— Sanʼat umrimning mazmuni, — deydi Munojatxonim. — Oʻzbek sanʼati dovrugʻining jahon sahnalaridagi eʼtirofi esa hayotimning eng shukuhli bayramlaridan biridir.
Darhaqiqat, oʻn ikki asrdan buyon mumtoz kuy-qoʻshiqlarimizni ardoqlab kelayotganimiz — oʻzlikni va milliylikni anglash mezoni sanalmish maqom sanʼatini kelgusi avlodga bezavol yetkazishdir. Bu yoʻlda olib borilayotgan ulkan islohotlarda mana shunday zabardast sanʼatkorlarimizning borligi iftixor bagʻishlaydi.
Yevropa mamlakatlarida musiqa mutaxassislari va ixlosmandlari “Shashmaqom”ni turli konsert hamda festivallarda tinglab, yuqori baholab kelayotgan bir paytda oʻzbek milliy sanʼatida oʻziga xos maqom maktabini yaratgan sohir ovoz sohibasining mehnatlari tahsinga loyiq. Anʼanaviy mumtoz qoʻshiqlarimizning qator xorijiy davlatlar, xususan, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya, Belgiya, Germaniya, Niderlandiya, Ispaniya, Italiya, Marokash, Tunis, Avstriya, Norvegiya, Vengriya, Ukraina, Finlyandiya, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, shuningdek, Korsika oroli hamda Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston singari oʻlkalarda baralla yangrayotgani ham aynan Munojat Yoʻlchiyevaning fidoyi mehnati samarasi.
Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi huzuridagi “Soʻgʻdiyona” oʻzbek xalq cholgʻulari kamer orkestri badiiy rahbari, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi professori Feruza Abdurahimovaning milliy musiqamiz rivoji yoʻlidagi mehnati beqiyos. “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan eʼzozlanayotgan Feruza Abdurahimova milliy qadriyatlarimizni, oʻzbekona musiqiy ohanglarimizning jozibasini dunyoning eng olis chekkalaridagi musiqa shinavandalariga ham tanita olgan mohir ustoz. Sanʼat tarjima talab qilmaydi. U chin koʻngildan ijro etilsagina, qalblarga toʻgʻridan toʻgʻri kirib boradi. Ijroning mukammalligi esa nafaqat sozandayu bastakorga, balki bevosita orkestr rahbariga ham bogʻliq. Kamer orkestri konsertlarini tinglagan shinavandalarning Feruza opaga mehri va ixlosi beqiyos.
Falsafa fanlari doktori, professor Matluba Qahhorovaning ilmiy tadqiqotlari hamda qator shogirdlari yaratgan ilmiy ishlanmalar yurtimizning qaysi goʻshasiga bormaylik, ziyolilar orasida katta nufuzga ega. Bugun Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari vazifasida mehnat qilayotgan Matlubaxon mamlakatimiz xotin-qizlari orasida diniy maʼrifat va savodxonlikni targʻib qilish borasida olimalarimizga ibrat boʻlib kelmoqda. Oʻzining qator darslik va monografiyalari, hayotiy misollarga boy ilmiy maʼruzalari bilan hurmat qozongan professorimizning hayotiy hamda ilmiy tajribalari barchamizga oʻrnak.
Mukofot sohibalaridan yana biri — Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi bosh mutaxassisi Qurbonoy Bobojonovadir. U 38 yil davomida taʼlimning barcha boʻgʻinida faoliyat yuritib, umrini maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus hamda oliy taʼlim muassasalari faoliyatini oʻrganishga bagʻishlagan. Shuningdek, u yoshlarning bilimini oshirish borasida katta hayotiy tajribaga ega mutaxassisdir. Qurbonoyning quvonchli soʻzlari barcha mukofotlanganlarning dil izhoriga oʻxshaydi.
— Ayol kishi butun umr mehnat qiladi, bolalariga taʼlim-tarbiya beradi va bu vazifani sidqidildan bajarib, hech qachon mukofot kutmaydi, — deydi Qurbonoy Bobojonova. — Kutilmaganda mana shunday fayzli davralarda uning zahmati munosib eʼtirof etilsa, koʻngli osmon qadar yuksalar ekan. “Millatning birinchi tarbiyachilari — onalar”, deymiz, bolalar esa kelajakni barpo etadi. Umrimning salkam qirq yilini taʼlim-tarbiya sohasiga bagʻishlayapman. Bugun esa mehnati rohatini koʻrib taqdirlanayotgan opa-singillarim qatoridaman. Bu men uchun katta sharafdir.
Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatida oʻz nufuzi, obroʻsi va aytar soʻzi bor. “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade, Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya kabi xonimlar ham yurtimiz salohiyatini xalqaro doiralarda eʼtirof etmoqda.
Bundan ancha yil avval oynai jahon orqali margʻilonlik Minavarxon Gʻaniyevaning chiqishini koʻrgan edim. Uning farzandi Boburjon Gʻaniyev Mudofaa vazirligi tizimida xizmat burchini ado etayotib, 2000-yil 4-avgustda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlari togʻli hududlarida xalqaro terrorchi jangari toʻdalarga qarshi kurashda qahramonlarcha halok boʻlgan edi. Oʻshanda onaizor: “Mening bolam koʻcha-koʻyda bezorilik qilib, mushtlashib yoki birovning haqiga tajovuz qilib oʻlgani yoʻq! Mening farzandim Vatan himoyasi uchun jon fido qildi. Men undan mingdan- ming roziman. Yana ikki oʻgʻlim ham harbiy. Ularni ham yurtimiz tinchligini himoya qilish uchun chegaraga yuborishga tayyorman”, deganida arslonyurak farzand tarbiyalagan oʻzbek onasining shijoati va oʻktamligiga qoyil qolgan edim. Bugun Minavarxon aya ham mukofotlandi. Shuningdek, “Moʻtabar ayol” mukofoti bilan xizmat vazifasini bajarayotib halok boʻlgan bir guruh Ichki ishlar, Mudofaa va davlat xavfsizlik tizimi xodimlarining onalari va turmush oʻrtoqlari ham taqdirlandi. Muborak Ramazon kunlarida qahramon bolalarimizni yod etib, ularning ruhiga halovat tiladik.
Bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Ortiqova barcha mukofotlanganlar nomidan soʻzga chiqib, yurtning boyligi, faxri va suyanchigʻi boʻlgan munis ayollar mehnatiga berilgan bunday yuksak baho ularning kelgusi faoliyatiga yanada katta shijoat bagʻishlashini taʼkidladi. Shuningdek, Prezidentimiz islohotlarning samarasi ota-onalarning bezavol taʼlim-tarbiyasi hamda xotin-qizlarning fidoyi mehnatida yaqqol namoyon boʻlayotganini aytdi. “Eng muhimi, bu mukofotlar bildirilgan ishonchning, hurmat va eʼzozning aks sadosidir. Onalarimiz hamisha davlatimiz ardogʻida boʻladi”, dedi mukofot sohibasi.
Shukronalik ogʻushida
Ayollarning jamiyat oldidagi eng buyuk xizmati har tomonlama barkamol va yetuk farzandlarni voyaga yetkazishdir. Tarixdagi ulugʻ kishilarning kamol topishida donishmand otalarga qaraganda oqila onalarning hissasi koʻproq deymiz. Zotan, jahon ayol mehri, ona mehri bilan charogʻondir.
Bugungi bayram kunlarida oila, mahalla, shaharu kent osoyishtaligi va farovonligi uchun, bilimdon va fidoyi farzandlar tarbiyasi yoʻlida katta masʼuliyat bilan jonfidolik qilayotgan, qator-qator farzandlaru nabiralar ogʻushida yayrayotgan, shuningdek, yangi Oʻzbekiston dovrugʻining jahonaro eʼtirof etilishiga baholi qudrat hissa qoʻshayotgan barcha Oʻzbekiston ayollarining, opa-singillarimiz hamda qizlarimizning koʻnglidan quyidagi fikr kechayotgani ayon.
Dunyo qalqib turgan bir zamonda, olovu sel ichida qolayotgan yurtlarning bolalari non va suvga zor boʻlib, onalar oʻz farzandlariga yetarli sharoit yaratib berolmayotgan bir davrda yangi Oʻzbekiston shukronalik va farovonlik ogʻushida oʻz dilbandlarini kamolga yetkazayotir. Bu buyuk neʼmatni yuragimiz orqali his etayotganimiz esa bizdan yanada yuksak masʼuliyat, gʻayrat va shijoat talab etadi.
Biz — onalarmiz, oilaning, jamiyatning, Vatanning koʻrar koʻzlarimiz. Onalik — masʼuliyat, onalik — sharaf. Onalik — Oʻzbekistonni avaylash, yurtning tinchligini qoʻriqlash, farzandlarni chinakam taʼlim- tarbiya, mehru ardoq bilan asrab-avaylash demakdir!
Biz barchamiz toʻmarislar, nodirabegimlar, zulfiyaxonimlarning munosib avlodlarimiz. Ilohim, doimo Vatanning, el-yurtimizning va oilamizning yorugʻ yuzi, koʻrar koʻzi, chaqnoq soʻzi boʻlaylik! Bayramingiz qutlugʻ boʻlsin, azizlarim!
Sayyora TOʻYCHIYEVA,
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti professori,
falsafa fanlari doktori, shoira