Buyuk mutafakkir ajdodimiz, mutakallim olim Imom Abu Mansur Moturidiy hamda u asos solgan ta'limotni xalqaro miqyosda keng targ'ib qilish maqsadida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Moturidiylik ta'limoti va hozirgi zamon” mavzuidagi II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium o'tkazildi.
O'zbekiston qadimdan jahon ilm-fani va islom tsivilizatsiyasi rivojiga o'z asarlari, yaratgan umrboqiy ta'limotlari, insoniyat taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi ezgu g'oyalari hamda kashfiyotlari bilan bebaho hissa qo'shgan allomalar zamini bo'lib kelgan. Ular qatorida kalom va aqida ilmining buyuk namoyandasi, hozirgi vaqtda dunyo musulmonlarining qariyb yarmi e'tiqod qiladigan moturidiylik ta'limoti asoschisi hisoblangan mutakallim olim Abu Mansur Moturidiyning nomi alohida ahamiyatga ega.
U yaratgan e'tiqodiy tizim islom diniga yot bo'lgan turli oqimlar g'oyalariga naqliy va aqliy dalillar asosida raddiyalar berish orqali musulmonlarning e'tiqodiy birligini ta'minlashga xizmat qilishi bilan o'ta muhim hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda allomaning ilmiy merosini o'rganish hamda keng targ'ib qilish dolzarb vazifalardan biri sanaladi.
Mazkur vazifaning ijrosini ta'minlash maqsadida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar, Saljuq univerviteti Imom Moturidiy tadqiqotlari markazi, al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi kabi xorijiy ilmiy muassasalar, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi va boshqa qator muassasalar bilan hamkorlikda ushbu tadbir tashkil qilindi.
Xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpoziumda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay'ati a'zolari, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, jahonning etakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, mutaxassislar ishtirok etdilar. Shuningdek, Misr Arab Respublikasi, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Malayziya, Qirg'iziston, Qozog'iston kabi davlatlardan moturidiyshunos va islomshunos olimlar qatnashdilar.
– Bugun ushbu markazda tashkil etilgan “Moturidiylik ta'limoti va hozirgi zamon” mavzuidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium hozirgi vaqtda dolzarb bo'lib turgan ixtilofli aqidaviy masalalarni hal qilishga xizmat qilishiga ishonaman, – deydi Al-Azhar universiteti (Misr) Imom Moturidiĭ xalqaro ilmiĭ-tadqiqot markazi ilmiĭ xodimi Doktor Ahmad Sa'd Damanhuriy. – Ushbu simpozium ekstremizm, mutaassiblik, dinsizlik, jaholat kabi illatlarga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu simpoziumda Evropa, Afrika, Osiyo mamlakatlaridan ko'plab tadqiqotchilar ishtirok etmoqdalar. O'ylaymanki, ular Imom Moturidiy hazratlarining ilmiy-ma'naviy merosini o'rganish va uni keng targ'ib qilishga munosib hissa qo'shadilar. Men simpozium tashkilotchilariga alohida tashakkur izhor qilgan holda O'zbekiston har doim bo'lganidek dunyoga Imom Moturidiy kabi zabardast ulamolarni etishtirib berishda bardavom bo'lishini tilab qolaman.
Simpozium davomida ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta'limoti mohiyati: moturidiylik namoyandalari va asarlari, moturidiylik ta'limotiga oid zamonaviy tadqiqotlar, globallashuv jarayonida mo''tadil islom ta'limotining ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari singari muhim ilmiy masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, simpoziumda olimlar moturidiylik ta'limotining o'ziga xos xususiyatlari yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bayon qildilar. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi moturidiylik ta'limotini jahonga tanitish hamda islom olamida mo''tadil ta'limotni xalqaro jamoatchilikka etkazishda muhim platforma bo'lib xizmat qilayotganini e'tirof etdilar.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati