Moʻynoqda suvni tejovchi texnologiyalar qurildi

    Agrosektor 19 Oktabr 2020 1329

    Yil boshida butun mamlakatimiz boʻylab “Har bir yoshga bir gektar” loyihasini amalga oshirish boshlangan edi. Qoraqalpogʻistonlik yoshlarning dehqonchilik bilan shugʻullanishlariga imkon yaratish maqsadida qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan “Moʻynoq kelajagi bunyodkorlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.

    Moʻynoq tumanidagi qayta foydalanishga kiritilgan va zaxira yer maydonlaridan 5 ming gektar ajratib berildi.

    Ushbu maydonlarda hosil yetishtirish, yoshlarning chin maʼnoda bandligini taʼminlab, daromad olishlari uchun suv yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish zarur edi. Bu masalani hal qilish maqsadida Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Suv xoʻjaligi vazirlari rahbarligidagi ishchi guruh Moʻynoq tumaniga borib, yoshlarga ajratilgan yer maydonlarini oʻrganishdi. Shundan soʻng bajariladigan ishlar, quriladigan suv inshootlari boʻyicha takliflar ishlab chiqildi, tegishli chora-tadbirlar dasturlari tasdiqlanib, amaliy ishlar boshlanib ketdi.

    Moʻynoq tumani “Qazaqdaryo” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi 6 km sugʻorish tarmoqlari rekonstruksiya qilindi va yangidan 2 km koʻtarma kanal qazildi. Shuningdek, “Qazaqdaryo” kanaliga 2 dona NDN-20 va 1 dona SNPE 500/10 rusumli nasos agregatlari oʻrnatildi.

    “Qazaqdaryo” ovulidagi yoshlar uchun ajratilgan ekin maydonlarini kafolatli suv bilan taʼminlash maqsadida ushbu hududda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmoqda. Buning uchun qoʻshimcha 300 metrdan ortiq kanal qazilib, 2 dona suv toʻsuvchi gidrotexnik inshoot qurildi. Suv ortiqcha isrof boʻlishining oldini olish maqsadida qoʻshimcha qurilgan kanalga geotekstil va geomembrana yotqizildi. Ushbu kanal orqali kelgan suv 4 ta hovuzda bir-biriga oʻtkazilib, tindiriladi. Keyin maxsus nasoslar yordamida dalalarga oʻrnatilgan quvurlar va shlanglar orqali ekin maydoniga yetib boradi.

    Yaqinda “Moʻynoq yoshlarining chorvachilik kompleksi” atrofida bunyod qilingan bogʻ va hududdagi 6 gektar maydonga ekilgan sarimsoq piyoz dalalarida ham tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilindi.

    Dono xalqimiz suv – hayot manbai deb, bejiz aytmagan. Suv yetkazilgan Moʻynoq tumaniga yana “qaynoq” hayot qaytdi. Foydalanishdan chiqib ketgan ekin maydonlari yana hosil bera boshladi.

    Gʻ.Otajonov,

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi
    vazirligi matbuot kotibi