Energetika vazirligining vaziyatga oydinlik kiritdi.

Qayd etilishicha, 2025-yil 26-iyul kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Moʻynoq tumani, “Uchsoy” OFY hududida joylashgan “Muynoq” konida olib borilayotgan burgʻilash ishlari davomida 5000 metr chuqurlikka moʻljallangan 1-sonli quduqda 4707 metr chuqurlikdan gaz chiqishi kuzatildi.

Bu quduq — ushbu konda burgʻilash ishlari boshlangan birinchi quduq hisoblanadi.

Gaz bosimi kutilgan darajadan yuqori boʻlganligi sababli, barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda quduqni likvidatsiya qilish va bosimni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Voqea sodir boʻlgan paytdan boshlab barcha tegishli tashkilotlar — “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi Jamiyatga qarashli “Ochiq neft va gaz favvoralarini oldini olish va bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston harbiylashtirilgan qismining Markaziy harbiylashtirilgan nazorat otryadi”, Favqulodda vaziyatlar vazirli, “Oʻzbekgeofizika” AJ hamda mahalliy hokimiyat mutasaddilari voqea joyida boʻlib turibdi.

Eng asosiysi, ushbu quduq aholi yashash joyidan uzoqda va gaz tarkibida oltingugurt yoʻq boʻlgan toza metan hisoblanadi. Qayd etish joizki Ustyurt hududidagi barcha konlardan olinadigan tabiiy gaz tarkibida oltingugurt uchramaydi.

Maʼlumot uchun, ayni damda holatni bartaraf etish uchun xizmat qilayotgan ishchi xodimlar sogʻligini saqlash, shuningdek, atrof-muhit va hayvonot olamiga zarar yetishining oldini olish maqsadida gaz nazorat ostida yoqib qoʻyildi.

Hech kim tan jarohati olmagan.

Shu sababli odamlardan vahimaga tushmaslik soʻraldi.

Holat yuzasidan qoʻshimcha axborot beriladi.